Mamlakatimizda yetishtiriladigan qovunlar betakror ta’mi va xushxo‘rligi bilan ajralib turadi. Bugun shirindan shakar qovunlarimiz dunyo bozorlarini egallamoqda.
Sirdaryo viloyatida ham joriy yilda 11 ming 725 gektar yer maydonida qovun ekildi. Bu jarayonga viloyatning barcha tumanlaridagi dehqon va fermer xo‘jaliklari jalb etilgan. Ularda obi novvot, ko‘kcha, amiri, chillaki, oqurug‘ kabi 30 dan ziyod qovun navlari yetishtirilmoqda. Eng muhimi, ushbu raqamlar ortida minglab kishilarning tinmas mehnati, yerga bo‘lgan muhabbati va hosildan kutgan umidi mujassam.

Yuqori hosilga erishishda mehnatning o‘zi yetarli emas. Ob-havo va tuproq sharoiti bilan bir qatorda, o‘simliklarni zararli hasharotlar va kasalliklardan himoya qilish ham katta ahamiyatga ega. Viloyatda bu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jarayonda nafaqat ichki, balki tashqi bozor talablari ham inobatga olinmoqda.
Mirzaobod tumanining Mirzacho‘l hududida yashovchi tajribali dehqon Boborahim Amirov bir necha yildan buyon qovunchilik bilan shug‘ullanib keladi. Fermer bugungi kunda amiri, ko‘kcha va oqurug‘ qovun navlarini parvarishlab, nafaqat ichki, tashqi bozorlarga ham yetkazmoqda. Mazkur navlar o‘zining betakror ta’mi, pishiqligi va uzoq saqlanishi bilan alohida ahamiyatga ega.

– Qovun yetishtirishda mehnat qilish barobarida, yerga mehr ham berish kerak, – deydi Boborahim Amirov. – Biz mavjud qovun navlarini o‘z vaqtida sug‘orish, o‘g‘itlash va parvarishlash orqali yuqori sifatga olib chiqamiz. Mahsulotlarimizni nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarga ham chiqaryapmiz. Asosiy maqsad — xaridor ishonchiga sazovor bo‘lish. Qovun yetishtirishda soha mutaxassislarining maslahati va amaliy ko‘magi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi qovun maydonlarini doimiy fitosanitar nazoratda ushlab turibdi. Inspektorlar dehqon xo‘jaliklariga o‘simliklarning zararli omillariga qarshi samarali tavsiyalar bermoqda, agrotexnik tadbirlarda bevosita ishtirok etmoqda.

– Qovun maydonlarida zararli omillarni erta aniqlash va o‘z vaqtida chora ko‘rish hosil sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan asosiy omillardan biri, – deydi Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Tashqi karantin bo‘limi bosh mutaxassisi Arslon Ergashev. – Har bir tumandagi davlat inspektorlari dehqonlarga doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib bormoqda, zarurat tug‘ilganda o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazilmoqda. Bu esa yetishtirilayotgan qovunlarning sifati va eksportbopligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, ana shunday tizimli va maqsadli ishlar natijasida viloyatda qovun eksporti yildan yilga oshmoqda. Joriy yilning 28 iyun holatiga qadar 184,5 tonna qovun mahsuloti uchun ichki fitosanitar sertifikatlar, 3 654 tonna qovun uchun esa 195 ta xalqaro fitosanitar sertifikat rasmiylashtirilgan.

– Xalqaro fitosanitar sertifikat rasmiylashtirilgan qovunlar Germaniya, Latviya, Litva, Norvegiya, Belarus, Shvetsiya, Estoniya, Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilindi, – deydi boshqarmaning Ichki fitosanitar nazorat va monitoring bo‘limi bosh mutaxassisi Umid Abduraimov.
Xulosa qilib aytganda, Sirdaryo qovuni — bu milliy brend. U nafaqat mahalliy bozorlarda, balki jahon miqyosida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Bu muvaffaqiyatlar zamirida dehqonning zahmatkashligi, tuproqning barakasi, quyoshning mehri, mutaxassislarning bilim va maslahatlari, shuningdek, davlat tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar mujassam.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri