Alpomish sport majmuasida viloyatda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan "Sirdaryo yoshlar forumi –2022" tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev, sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Viloyat rahbari kirish so‘zi avvalida yoshlarni bugungi forum hamda kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi. Shuningdek, viloyatda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” ro‘yxati va “Yoshlar dasturlari” asosida bajarilgan ishlar borasidagi muhim raqamlarga to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-10176]
Qayd etilishicha, yil boshida viloyatda 14-30 yoshdagi 219 ming nafar yigit-qizlarning qiziqishlari o‘rganilib, “Yoshlar balansi” shakllantirildi. “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 11 ming 347 nafar yoshlardan 9 ming 719 nafarining muammolari ijobiy hal etildi. Hozirgi kunga qadar 5046 nafar yoshlar ishga joylashtirildi, 494 nafar yoshlar “1+1” tamoyili asosida tadbirkorlarga biriktirildi, 6 096 nafariga imtiyozli kredit, 5 973 nafariga ekin yer maydonlari ajratildi. 759 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi.
Forum doirasida yil davomida xalqaro tanlov hamda musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yoshlar, "Besh tashabbus olimpiadasi"ning II bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar a’zolari, shuningdek, "mahallabay" ishlash tizimida namunali faoliyat ko‘rsatgan sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va bir guruh "Ma’rifat targ‘ibotchi"lari e’tirof etilib, diplom ham qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Sh. Suyarov,
Sh. Ortiqboyev, O‘zA