Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, viloyat rivoji uchun yangi istiqbollarni ochdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Shohruh Isaqulov rahbarligidagi delegatsiya tashrif davomida energetika, sanoat, investitsiya va turizm sohalarida qator muhim muzokaralar o‘tkazdi va amaliy kelishuvlarga erishdi.
Safar Shenchjen shahridagi “National Energy Group Capital Holding Co., Ltd.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvdan boshlandi. Unda Sirdaryo viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, xususan, kanallar bo‘ylab kichik gidroelektr stansiyalari, shamol turbinalari va quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Ekologik barqarorlik va energiya samaradorligi masalalari tashrif kun tartibining eng muhim mavzulariga aylandi.

Shuningdek, delegatsiya “Tus-Holdings Co., Ltd.” kompaniyasi bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda Sirdaryoda texnoparklar tashkil etish, startap loyihalarni amalga oshirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda sanoatlashtirish masalalari muhokama qilindi. Har ikki tomon Sirdaryo viloyatiga yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldi.

Dongguan shahrida esa “Derucci” kompaniyasi bilan muzokaralar samarali o‘tdi. Unda Sirdaryoda mebelsozlik klasterini yaratish, mahalliylashtirish jarayonini yo‘lga qo‘yish va davlat tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlar orqali mahsulot tannarxini 30–40 foizgacha kamaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida kompaniya vakillarining viloyatga tashrifi rejalashtirildi.

Shuningdek, “Sirdaryoda biznes qiling” shiori ostida Dongguan shahrida tashkil etilgan keng qamrovli biznes-forumda 30 dan ortiq Xitoy kompaniyalari, “Dongguan iqtisodiy rivojlanish byurosi”, mebelsozlik va turizm sohasidagi yirik tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Forum davomida Sirdaryo viloyatining sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, preferensiyalar va turizm salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Safar yakunida “Expert Investment Support” MCHJ hamda Xitoyning “Dongguan Nancheng Qiganti AI Technology Center” kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekiston–Dongguan savdo vakolatxonasini ochish to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu vakolatxona ikki hudud o‘rtasidagi savdo, investitsiya va ilmiy-texnik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Safar natijalari haqida Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shohruh Isoqulov o‘z fikrlarini quydagicha izohladi:
– Xitoyga amalga oshirilgan ushbu tashrif viloyatimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Biz nafaqat xalqaro tajriba almashdik, balki aniq amaliy loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga ham erishdik. Xitoy kompaniyalari tomonidan viloyatimiz salohiyatiga bildirilgan qiziqish katta rag‘bat uyg‘otdi. Biz bu hamkorlikni amaliy natijalarga aylantirishga intilamiz.
Shubhasiz, ushbu tashrif Sirdaryoning global iqtisodiy maydondagi ishtirokini mustahkamlash va hududda yuqori texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya hamda zamonaviy sanoatni rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri