Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasi quriladi
14:29 / 2020-08-12

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustda “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustda “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “The International Company for water and power projects” (Saudiya Arabistoni) (Investor) va “Acwa Power Sirdarya” MCHJ (Loyiha kompaniyasi) oʻrtasidagi Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish boʻyicha investitsiya bitimi tasdiqlandi. Investitsiya bitimi u imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi (2020-yil 6-martda imzolangan).

Mazkur qaror bilan “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasidagi Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullandi. Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda faqat “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga sotadi.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga istisno tariqasida, quyidagi huquqlar beriladi:

kreditlash, chet el valyutasidagi mablagʻlarni olish va ulardan foydalanish uchun chet eldagi xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish hamda respublikadagi hisobvaraqlaridan xorijdagi hisobvaraqlariga pul mablagʻlari oʻtkazish;

Oʻzbekistonning tashqarisidagi xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.

Loyiha doirasida samaradorligi 60 foizdan yuqori H/J sinfidagi eng zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari qoʻllaniladi. Elektr stansiyasi yiliga 10 milliard kVt.s.dan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, tabiiy gazning yillik tejash darajasi 2,0 milliard m3 dan oshadi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati