Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyatida "Salomatlik sayllari" aksiyasi davom etmoqda
13:17 / 2023-04-04

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Salomatlik sayllari" oyligi doirasida Boyovut tumani tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rik va sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rikka tuman hududida istiqomat qilayotgan, ammo sog‘lig‘ida muammosi bor bolalar, ayollar, katta yoshli 1690 nafar aholi vakillari ishtirok etdi. Ular o‘z sog‘liqlari bilan bog‘liq muammoga poytaxtdan kelgan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda viloyatdagi davolash profilaktika muassasalarining turli toifadagi mutaxassislardan javob oldi.

Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida 1488 nafar fuqarodan 941 nafarida turli ko‘rinishdagi kasalliklar aniqlanib, 880 nafar fuqaroga ambulator, 49 nafariga esa tuman, viloyat va respublika darajasidagi davolash profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanish uchun maslahat va tavsiya berildi. 12 nafar fuqaroning sog‘liq bilan bog‘liq muammosi yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti orqali bartaraf etiladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, mahallabay va xonadonbay tibbiy ko‘riklar ham tashkil etilib, xastaligi sabab to‘shakka mixlanib qolgan bemorlar va ularni ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolarga yechim izlandi.

Madaniyat mahallasida istiqomat qilayotgan, ammo qandli diabetning 2 tipi, poliartrit va bir qancha kasalliklar sabab o‘z xonadonida yotib qolgan, 1978 yilda tug‘ilgan, ikki nafar farzandning onasi Shoira Mamayusupovani salomatligi bilan bog‘liq holatni Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy markazi rahbari, professor Nargiza Parpiyeva boshchiligidagi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda viloyat davolash profilaktika muassasalarining malakali va yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Unga qo‘shimcha davo muolajalari buyurilib, dori-darmon va sarflov materiallari bepul taqdim etildi.

"Gulbog‘" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan Karomat Rahmatova tayanch harakat tizimi bilan bog‘liq muammo yuzasidan murojaat qildi. Bir qancha tekshiruvlardan so‘ng unda koronavirus infeksiyasi asorati, tayanch-harakat a’zolari shakli va funksiyalari buzilishi, ya’ni yirik bo‘g‘imlar artrozi tashxisi qo‘yilib, unga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti buyurildi. Ushbu amaliyotni davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirish yuzasidan tavsiya va maslahat berildi. Muhimi, "Salomatlik sayillari" doirasida Boyovutda tashkil etilgan tibbiy ko‘rik, sog‘lomlashtirish tadbirlari davomida sog‘lig‘ida muammosi bor fuqarolar malakali mutaxassislardan kerakli tavsiyalarni oldi.  

Shu o‘rinda yana bir gap, ko‘chma xastaliklar aniqlangan bemorlarga shifokorlarning ko‘rsatmasi bilan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan ko‘zoynaklar, 12 turdagi dori-darmon vositalari bepul tarqatildi. Bu  abi tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turish maqsadga muvofiq bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA