Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyatida “KOICA” ko‘magida 3 ta o‘quv maskani tashkil etildi
12:49 / 2020-12-21

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda “Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasi doirasida Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlarida 3 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan hududlarda o‘tkazilgan tadbirlarga respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari uchun press-tur tashkil etildi.KOICA – Koreya xalqaro hamkorlik agentligi uzoq yillar davomida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot texnologiyalari, kommunal xizmatlar, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yilganligini alohida ta’kidlash lozim.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda KOICA o‘rtasida joriy yilning o‘tgan davrida mazkur loyiha doirasida olib borilgan hamkorlik natijasida ko‘plab amaliy ishlarning ijrosi ta’minlandi. Joriy yilning 23 oktyabr kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbariyati hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi ofisi vakillari tomonidan “Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. 

Mazkur kelishuv memorandumi asosida ayni kunga qadar Oqoltin tumanidagi Shodlik, Sardoba tumanidagi Birlik mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida va Mirzaobod tumanidagi Dehqonobod mahallasi hududida joylashgan madaniyat maskani binosida aholini, ayniqsa ayollarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida o‘quv maskanlari tashkil etildi.

Press-tur davomida viloyatdagi Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlarida 3 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlarining tantanali ochilish marosimlari o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari aynan ana shu maskanlardagi amalga oshirilgan ishlar, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Ishtirokchilar dastlab Oqoltin tumani Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘rgatish o‘quv maskanining ochilish marosimiga tashrif buyurdi. Unda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi direktori Pak Sunjin xonim, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosarlari Otabek Nosirov hamda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash viloyat boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Mamadaminov va boshqalar so‘zga chiqdi. 

Ushbu o‘quv maskani ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratish, kasb-hunar o‘rganayotgan ayollarning bilim va malakasini oshirish, hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbek milliy cholg‘u ansambili hamda Koreys milliy madaniy markazi vakillari va Oqoltin tumani madaniyat uyi havaskorlarining badiiy chiqishlari press-tur qatnashchilari va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar ushbu o‘quv maskanida kasb-hunar o‘rganayotgan o‘quvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Shu joyning o‘zida, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov hamda Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi direktori Pak Sunjin xonim jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. 

[gallery-522]

– Kasb-hunarga o‘qitish maskanlari yordamida viloyatdagi 200 nafarga yaqin ayollar va yoshlarni bir vaqtning o‘zida pazandachilik, kompyuter savodxonligi mutaxassisliklari bo‘yicha professional o‘qitish va bu orqali ularni ma’lum daromad manbalari bilan ta’minlash, iqtisodiy faolliklarini yanada oshirishni rejalashtirganmiz, – deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov. 

– Ushbu kasbga o‘rgatish maskanlariga tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshliqlari rahbar etib tayinlanadi. Ular o‘z navbatida maskanlarning maqsadli va samarali faoliyat yuritishini to‘liq ta’minlab boradi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ham ushbu o‘quv kurslarining muntazam davom etishi va unga hududdagi barcha kam ta’minlangan va ishsiz aholi qatlamlari hamda kasb-hunarga o‘qish istagidagi barcha mahalliy aholi vakillarini qamrab olinishida bor imkoniyatlarini safarbar etadi.

– Joriy yilning may oyida “Sardoba” suv omborida ro‘y bergan texnogen vaziyat tufayli Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi bir qancha aholi punktlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy zarar yetgani haqida biz ham xabardormiz, – deydi Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi direktori Pak Sunjin xonim. 

– Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur favqulodda hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlangan fuqarolarga tezkor yordam ko‘rsatish bo‘yicha Prezidentingiz boshchiligida juda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganini mana o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz. Biz ham toshqindan zarar ko‘rgan hudud aholisiga yordam ko‘rsatish maqsadida – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda “ISTIQBOLLI AVLOD” Ijtimoiy axborot markazi bilan hamkorlikda “Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasi doirasida amalga oshirayotgan ishlarimiz zamirida aynan mana shu – o‘zaro hamkorlik, do‘stlik degan ulug‘ ezgu niyat mujassamligini faxr bilan ta’kidlagan bo‘lardim. Sirdaryolik ayollar ushbu o‘quv maskanlarida kasb-hunar o‘rganib ijtimoiy hayotda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishiga ishonaman.

– KOICA agentligi tomonidan kiritilgan mablag‘ hisobiga tashkil etilgan ushbu o‘quv maskanida 50 nafarga yaqin ayollarning kasb-hunar egallashlari uchun barcha zamonaviy sharoit yaratildi, – deydi Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov. – Maskanda ishsiz ayollar va yoshlarni bir vaqtning o‘zida oshpaz-pazandachilik va kompyuter savodxonligi mutaxassisliklari bo‘yicha professional o‘qitish va bu orqali ularni ma’lum daromad manbalari bilan ta’minlash, iqtisodiy faolliklarini yanada oshirish mumkin bo‘ladi. Ushbu maskanda tumanimiz ayollarining hunar o‘rganib, malakasini oshirib o‘qib chiqishi ularning bandligini ta’minlaydi va oilasi byudjetini yuksaltiradi, degan umiddamiz. 

Shu o‘rinda, ushbu maskan faollari talabalarning ijtimoiy kelib chiqishi, qiziqishi va imkoniyatlarini inobatga olib, ularga o‘z qiziqishlari bo‘yicha yo‘nalishlar berib borilishini ham qo‘shib o‘tish lozim.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, KOICA vakillari hamda press-turda ishtirok etayotgan jurnalistlarning keyingi tashrif manzili – Sardoba tumanidagi Birlik mahalla fuqarolar yig‘ini sari bo‘ldi. 

U yerda mehmonlarni tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari, mahalla faollari va milliy liboslardagi qizlar non-tuz bilan kutib oldi. 
O‘quv maskanining tantanali ochilishidan so‘ng press-tur ishtirokchilari o‘quv maskanida kasb-hunar o‘rganayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, ular tomonidan tayyorlangan turli pishiriqlar – tort, pirojniy, paxlava kabi mazali taomlardan tatib ko‘rib, tayyorlanishiga yuqori baho berishdi. 

Shu o‘rinda, Sardoba tumani Birlik mahallasida o‘z faoliyatini boshlagan mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskani qoshida kutubxona va ayollarga zarur maslahatlar beruvchi alohida xizmat turlari tashkil etilganini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. 
– Ushbu kasb-hunarga o‘qitish maskanimizga hujjatlar tuman aholi bandligiga ko‘maklashish maskanining yo‘llanmasi asosida qabul qilinadi, – deydi Sardoba tumani hokimi Abduazim Xidirov.

 – O‘qitish muddati yo‘nalishidan kelib chiqib 6, 3, 1 oydan iborat bo‘lib, maskanda tahsil oluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar uchun tuman aholi bandligiga ko‘maklashish maskani tomonidan o‘quv davri mobaynida eng kam oylik ish haqi miqdorida ishsizlik nafaqasini berib borishni yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, ushbu kasb-hunarga o‘qitish maskanini tamomlab chiqqan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasida ham aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Tadbir ishtirokchilari – Mirzaobod tumanidagi Dehqonobod mahallasida karnay-surnay va do‘mbira sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Ushbu o‘quv maskani uchun ajratilgan madaniyat markazi qayta rekonstruksiya qilinib, bu yerda kasb-hunar o‘rganuvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

– KOICA agentligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamkorlikda tashkil etilayotgan ayollarimizni kasb-hunarga o‘qitishga mo‘ljallangan ushbu maskan faqat shu yo‘nalishlar bilan cheklanib qolmasligi haqida bu yerda aytilgan fiklar bizga juda ma’qul tushdi, – deydi Mirzaobod tumani hokimi Jonibek Yariyev. – Ma’lum vaqt o‘tib, shu hududlardagi aholining taklif va istaklari o‘rganilib, shu asosda keyinchalik qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini ochish ham ko‘zda tutilganligi alohida tahsinga loyiq. Ish bilan band bo‘lmagan ayollarimizning bir necha kasb-hunarni o‘rganishlari o‘zlari uchun ham oilalari uchun ham, qolaversa o‘zini o‘zi band qilishda ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. 

– Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida mazkur hududlarda yashovchi 10 mingta ehtiyojmand oilalarga zarur ijtimoiy ahamiyatga ega vositalar, shuningdek, 45 ta hassa va qo‘ltiq tayoq, 92 ta kattalar, 7 ta bolalar nogironlik aravachalari, 45 ta eshitish moslamalari tarqatishni rejalashtirganmiz, – deydi KOICA direktori o‘rinbosari Jo Xyon Yong xonim.

 – Loyihamizning yana bir muhim tashabbusi sifatida joriy yilning 6-9 noyabr kunlari “ISTIQBOLLI AVLOD” Ijtimoiy axborot markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 45 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va o‘rinbosarlari hamda 10 nafar yetakchi volontyorlardan iborat guruh Jizzax viloyatidagi “Zomin” oromgohida tashkil etilgan seminar-treninglarda “Ijtimoiy xodim” sifatida o‘qitildi. Tashkil etilgan ushbu seminarlar davomida ishtirokchilar malakali trenerlar yordamida “Ijtimoiy xodim”ning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari, faoliyati va vazifalari hamda keys-menejment bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. 

– Mazkur loyiha doirasida talofat oqibatlarini bartaraf etishda davlatimiz va mahalla tizimi xodimlari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan zarur yordamlar hamda koronavirus kasalligini oldini olishda mahalla xodimlari va jamoatchilik vakillarining o‘rni va ahamiyatini ochib beruvchi 2 ta videorolik tayyorlanmoqda – deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Guljamol Shukurova. 

– Videoroliklar televideniye hamda tarmoqlarda namoyish etiladi. KOICA agentligi delegatsiyasi a’zolarida koronavirus infeksiyasidan himoyalanish borasidagi zarur tavsiya va ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan ko‘rgazma bannerlarining Toshkent va Guliston shaharlari, Sardoba, Oqoltin hamda Mirzaobod tumanlarining markaziy ko‘chalariga ilib qo‘yilgani, Sirdaryo viloyatining 3 ta tumanida tashkil etilgan o‘quv maskanlari katta taassurot qoldirdi. 

 

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA