Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyatida – “Guliston tibbiyot klasteri” barpo etiladi
21:06 / 2021-01-08

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, “O‘ztibloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlarining mutasaddi o‘rinbosarlari Sirdaryoga tashrif buyurib, viloyat markazida barpo etilishi rejalashtirilayotgan “Guliston tibbiyot klasteri”ning ishlab chiqilgan loyihasini atroflicha muhokama qildilar.

Prezidentimiz, Sirdaryoga o‘tgan yilgi tashrifi davomida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga viloyat markazida “Guliston tibbiyot klasteri” loyihasini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish borasidagi aniq vazifa va topshiriqlarni yuklagan edi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan birinchi bosqichda viloyatdagi 9 ta tibbiyot muassasi, ya’ni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, kardiologiya, endokrinologiya dispanserlari, ko‘z kasalliklari shifoxonasi, diagnostika markazi, qon quyish stansiyasi, sud tibbiy ekspertiza byurosi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali – bitta yagona boshqaruv asosida “Guliston tibbiyot klasteri” negizida o‘z faoliyatini viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi o‘rnida yangi, zamonaviy loyiha asosida qurilishi ko‘zda tutilgan “Guliston tibbiyot klasteri” binosida olib borishi rejalashtirilmoqda.

Ikkinchi bosqichda esa viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, onkologiya hamda dermatovenerolog kosmetologiya dispanserlari ushbu klaster tarkibiga kiritilishi nazarda tutilgan.

Respublika Qurilish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, “O‘ztibloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Sirdaryo viloyat arxitektura boshqarmasi, Yagona buyurtmachi injenering kompaniyasi viloyat bo‘limi mutasaddi rahbar va xodimlari, bulardan tashqari Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlarining mutasaddi o‘rinbosarlaridan iborat loyihachilar guruhi Guliston shahriga tashrif buyurdi.

Mehmonlar tajriba-sinov loyihasi asosida “Guliston tibbiyot klasteri”ga aylantirilishi rejalashtirilayotgan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda Guliston tibbiyot oliygohiga aylantirilishi ko‘zda tutilgan Guliston tibbiyot kollejida bo‘lib, ayni chog‘da, mavjud bo‘lgan bino va inshootlarni ko‘zdan kechirdi, tibbiyot klasteri uchun mo‘ljallanayotgan hududni atroflicha o‘rganib chiqdi. Mavjud imkoniyatlar chamalanib, yangidan barpo etilayotgan “Guliston tibbiyot klasteri” bino loyihasini atroflicha muhokama qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

– “Guliston tibbiyot klasteri” loyihasiga ko‘ra, qurilishi ko‘zda tutilgan bino – 6 qavatdan iborat bo‘lib, 580 o‘ringa mo‘ljallanishi nazarda tutilayapti, – deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashev. – Bunda barcha bo‘limlar, diagnostika va laboratoriya tekshiruvlari markazlashib, bitta bino ichida joylashadi. Boshqaruv tizimi takomillashib, shtat birliklari maqbullashtiriladi va natijada, mablag‘ iqtisod qilinadi. Yangidan ochilishi nazarda tutilgan tibbiyot oliygohi hisobiga kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni viloyatning o‘zi bemalol qoplay oladi.

Tibbiyot klasterida davlat xususiy sherikchiligi va autsorsing usulida ish yuritilib, bir so‘z bilan aytganda, davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish uchun to‘laligicha zamin yaratiladi.

Qolaversa, tibbiyotda innovatsiya va biotexnologiya ishlari uchun yo‘l ochiladi. Tibbiy yordamni tashkil etishning uchinchi darajali modeli yaratilib, endovaskulyar xirurgiya, kardioxirurgiya, yuqori texnologik davolash usullari, transplantatsiya xizmatlari tibbiyot klasterida to‘laligicha yo‘lga qo‘yiladi.

Darvoqe, bulardan tashqari, tibbiyot klasterida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan konsultatsiya xizmati soddalashtirilib, bemorlarni tekshirish, davolash, dispanser nazoratiga olish hamda reabilitatsiya qilish sifati bir necha borobarga oshar ekan.

Eng muhimi, tibbiyot xizmatini raqamlashtirish orqali, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da aholiga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga erishiladi. Shifokorlar bir joyda faoliyat yuritibgina qolmay, shu yerning o‘zida ishdan ajralmagan holda ilmiy-amaliy malaka oshirib borishlari ham mumkin bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, aholi salomatligini asrash va mustahkamlashda tibbiyotning va soha shifokorlarining imkoniyatlari yuqori darajada ortadi.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA