Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa xabarlarda
18:59 / 2023-08-24

Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Kamolot” mahallasida joylashgan “Chehra” restoranida mahalla beshligi hamda homiy tashkilotlar hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj 13 nafar bolalarning sunnat to‘ylari o‘tkazib berildi.

Bayram dasturxoni atrofida bolalarning yaqinlari jam bo‘ldi. Bolalarga tuman hokimligi tomonidan velosipedlar, homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari tortiq qilindi. Tuman madaniyat bo‘limining san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga yaxshi kayfiyat bag‘ishladi.  

– Yolg‘iz o‘g‘lim Alisher bugun sarpolar kiyib o‘zi yoqtirgan velosipedini minib qaytmoqda. Uning quvonchdan porlagan chehrasiga qarab, bunday g‘amxo‘rlikdan boshim ko‘kka yetdi. Farzandlarimizga quvonch ulashgan hukumatimizdan, Prezidentimizdan juda minnatdor bo‘ldim, – deydi T.Alimova.  – Ushbu to‘y jajji to‘y bolalar xotirasida yaxshilik, mehr-saxovat ramzi sifatida bir umrga muhrlanib qoldi.  

***

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.  

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs o‘tirgan “Lacyetti” avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Avtomashina salonining orqa o‘rindig‘ida turgan qog‘oz qutidagi tovuqlar tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.  

Parrandalar ostiga bug‘doy kepagi bilan yashirin bo‘lma hosil qilinganligi va ularning ichiga 241 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi fosh bo‘ldi. Mazkur qonun buzarlik holati tezkor tadbir Namangan shahrida davom ettirilib, fuqarolardan birining yashash xonadoni va yordamchi xonalari ko‘zdan kechirildi.  

Xonadonda istiqomat qiluvchi shaxs 1 dona qog‘oz qutida 236 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini o‘z ixtiyori bilan taqdim etdi. Ikkala holatda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami 477 dona dorilarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 143 million so‘mdan oshmoqda. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.  

Sh.Suyarov, O‘zA.