Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali 10-“green” sinf o‘quvchisi Azizbek Mamajonov Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida bo‘lib o‘tgan matematika festivalida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bellashuv joriy yilning 2 noyabr kuni “BRICS+ ochiq fanlar haftaligi” doirasida tashkil etildi. Unda mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va akademik litseylardan jami 141 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Festivalda ishtirokchilarga aniq fanlar bo‘yicha nazariy va amaliy savollar, mantiqiy misollar hamda murakkab matematik masalalar taqdim etildi. Azizbek Mamajonov bellashuvda aniq fikrlashi va masalalarni tez, qiynalmay yechishi bilan ajralib turdi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


***
Shirin shahridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida stol tennisi bo‘yicha U–11 yosh toifasidagi o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida Sirdaryo viloyati kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bellashuv yosh sportchilar, murabbiylar va sport muxlislari uchun haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi.
Musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan jamoalar o‘zaro kuch sinashdi. Qatnashuvchilar stol tennisidagi chaqqonlik, diqqat, strategik fikrlash va jamoaviy ruhni namoyon etishdi.
Qizlar o‘rtasidagi qizg‘in bahslarda Oqoltin tumani jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirib, 1-o‘rinni egalladi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Guliston tumani jamoasi yuqori natija ko‘rsatib, viloyat kubogi sohibi bo‘ldi.
G‘olib va sovrindor jamoalar Shirin shahar sport maktabi hamda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining viloyat bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


***
Oqoltin tumanida ijtimoiy nazoratdagi xotin-qizlar uchun “Xavfsiz oila” profilaktika tadbiri doirasida psixologik trening tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — ayollarning jamiyatga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash, huquqiy bilimlarini mustahkamlash va psixologik qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida mutaxassislar xotin-qizlarga qonunchilikdagi yangiliklar, oilaviy muhitni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari haqida batafsil tushunchalar berdi.



Ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi, ularning muammolari va takliflari tinglandi hamda ularga tegishli tashkilotlar ishtirokida amaliy yechimlar topildi.
Trening yakunida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi xotin-qizlarning ruhiy holatini yaxshilashga qaratilgan mashg‘ulot o‘tkazdi. Shuningdek, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va kundalik hayotdagi qiyinchiliklarni yengishga doir tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri