Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
21:39 / 2025-10-05

Shifokorlar zamonaviy reanimatsiya usullarini o‘rgandi

Ona va bola salomatligini asrab-avaylash  har qanday jamiyatning eng oliy maqsadlaridan biri. Chaqaloq hayotini saqlab qolish, onaga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish esa shifokorlardan nafaqat chuqur bilim, balki ulkan tajriba va yuksak mas’uliyat talab qiladi.

Aynan shu maqsadda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filialida “Chaqaloqlarga respirator yordam va intensiv davolash, birlamchi reanimatsiya” mavzusida trening mashg‘uloti tashkil etildi.

Mazkur mashg‘ulot “Ishonch – 2030” loyihasi doirasida o‘tkazilib, unda AQSH mutaxassislari Kirk Uoters va Jenifer Shou hamda milliy koordinatorlar ishtirok etdi. Xorijlik ekspertlar mahalliy neontolog shifokorlar bilan tajriba almashib, zamonaviy tibbiy yondashuvlar va xalqaro amaliyotda sinovdan o‘tgan usullarni namoyish qildi.

Trening doirasida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlar bilan tanishdi, balki real holatlarda amaliy mashqlarni bajarishdi. Bu jarayon ularning to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlab, hayotiy muhim vaziyatlarda shifokorning ishonchli harakat qilish salohiyatini oshirdi.

Markaz direktori, 1-toifali akusher-ginekolog Shahlo Xo‘jayeva treningning ahamiyati haqida shunday dedi:

– Chaqaloq hayotini asrab qolish ko‘p hollarda shifokorning tayyorgarligi va amaliy ko‘nikmasiga bog‘liq. Bunday mashg‘ulotlar mutaxassislarimizning bilim va tajribasini xalqaro andozalarga yaqinlashtirib, ularda ishonch va mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytiradi. Bu esa sog‘lom avlod dunyoga kelishi va ona-bolalar salomatligini muhofaza qilishda beqiyos ahamiyatga ega.

Shubha yo‘qki, Sirdaryoda o‘tkazilgan bu amaliy-nazariy mashg‘ulotlar shifokorlarning malakasini oshirish, perinatal ko‘rsatkichlarni yaxshilash va avlod salomatligini ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Shirinda yer nazorati ishlari kuchaytirildi

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 80 ta holatda jami 0,29 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Shundan 59 ta holatda (0,21 gektar) qonunbuzilishi fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi va yer maydonlari asl holatiga qaytarildi. Shuningdek, noqonuniy qurilgan inshootlarni buzish bo‘yicha sudlarga 2 ta da’vo arizasi kiritildi, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 1 ta ish prokuratura organlariga yuborildi.

Bu haqda Shirin shahrida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi shahar bo‘limi hamda Davlat kadastrlari palatasi shahar filiali tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani va press-turda ma’lum qilindi. Tadbirda yer va kadastr nazorati bo‘yicha erishilgan natijalar, qonunbuzarliklarning oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralar hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil axborot berildi.

Kadastr agentligi shahar bo‘limi boshlig‘i Doston Eshanqulov ta’kidlaganidek, fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish masalasi doimiy e’tiborda. Joriy yilda jismoniy va yuridik shaxslardan 20 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 18 tasi ijobiy hal etilgan, 2 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Davlat kadastrlari palatasi shahar filiali rahbari Jo‘rabek Ergashev esa 2024 yil 5 avgustda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosiga alohida to‘xtaldi. Unga ko‘ra, shu kunga qadar shaharda 818 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan, ulardan 365 tasi “E’tirof” axborot tizimi orqali vakolatli tashkilotlarga muhokama uchun yo‘naltirilgan.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Mirzo Ulug‘bek mahallasida olib borilayotgan xatlov jarayonlarini kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbir yakunida “Elektron” axborot tizimi orqali yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish tartibi hamda kadastr xizmatlari sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shunday qilib, Shirin shahrida yer nazoratining kuchaytirilishi noqonuniy yer egallash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.  

[gallery-25610]

Texnikum kutubxonasiga yangi kitoblar berildi

Yaqinda Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev tumandagi agrotexnologiyalar texnikumi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirishdi. Talabalardan biri  E’zoza Yunusova muassasa kutubxona fondini yangi badiiy kitoblar bilan boyitish zarurligini ta’kidladi. Bu taklif yoshlarning ma’naviy dunyosi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholandi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, tuman hokimining o‘rinbosari Xurshid Chelibayev Guliston agrotexnologiyalar texnikumi kutubxonasiga tuman axborot-kutubxona markazi fondidan 500 ta badiiy kitobni tantanali ravishda topshirdi.

Tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev ham bundan ilgari o‘zi o‘qigan maktabga 500 ta kitob tuhfa etgan edi.  

Topshirilgan kitoblar orasida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, zamonaviy yoshlar uchun qiziqarli asarlar hamda ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega to‘plamlar o‘rin olgan.

– Bir yoshning taklifi asosida ta’lim muassasasida ma’naviy xazina yaratilganidan xursand bo‘ldik, – deydi E’zoza Yunusova. – Bu kitoblar kelajakda bilimli, keng dunyoqarashli avlod tarbiyasiga xizmat qiladi.

Mazkur tashabbus yoshlar fikri va ovozi eshitilayotgani, ularning takliflari amaliyotda tezkorlik bilan qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin namunasidir.

G‘ulom Primov, O‘zA