Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:13 / 2025-09-29

Guliston davlat universitetida adabiy muhit va ma’naviy-ma’rifiy hayotni boyitish maqsadida yodda qolarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo adabiy muhitida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shoir, publitsist va yozuvchi Muhammadali Ahmedovning yangi asari – “Binafshazor” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Shuningdek, universitet ijodkor yoshlari faoliyatida muhim o‘rin egallab borayotgan “Qoraqush” ma’naviy-ma’rifiy telegram kanali yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Anjumanda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda viloyat OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Guliston davlat universiteti birinchi prorektori Qozim Qudratov ochib berdi. U ma’naviy-ma’rifiy kanalning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rniga to‘xtalib, ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.

***

1 oktyabr – "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda shahar hokimi, faxriy ustozlar, pedagog va murabbiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida shahar hokimi Niyoz Hazratqulov barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabriklab, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda kelgusi rejalar haqida so‘zladi.

Tantanali marosim davomida bir qator pedagog va ta’lim fidoyilariga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning mehnati yuksak qadrlandi.

Musiqiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va badiiy kompozitsiyalar tadbirga yanada fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga quvonchli lahzalar ulashdi.

***

Sardoba tumanidagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish jarayonida mahalliy aholi uchun vaqtinchalik turar joy sifatida Quyitosh mahallasiga olib kelingan 4 ta katta konteyner bugun boshqacha ahamiyat kasb etmoqda. Aholi taklifiga ko‘ra, u maktabgacha ta’lim muassasasiga aylantirildi va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 14-sonli davlat bog‘chasi sifatida ish boshladi.

Eng quvonarlisi, endi jajji bolajonlar ham bu maskanda mehr va e’tibor ichida tarbiyalanmoqda. Konteyner zamonaviy tarzda moslashtirilib, bolalar uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

Kuni kecha ushbu bog‘chaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zosi Zuhra Shodiyeva hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Sarvarbek Sultonov tashrif buyurib, yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. – Qoyil, Toshkentdagidan qolishmaydi, –  dedi Z. Shodiyeva taassurotini bayon etar ekan.

Hozirda “vagon-bog‘cha”da 4 nafar tarbiyachi mehnat qilmoqda, 90  nafar bola esa ta’lim-tarbiya olyapti.

***

Sirdaryo viloyatida yoshlarni sportga keng jalb etish va ular uchun munosib shart-sharoit yaratish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu sa’y-harakatlar samarasi sifatida Sardoba tumani sport maktabi uchun “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 1 milliard 200 million  so‘m mablag‘ hisobidan 90x60 metr hajmdagi zamonaviy sun’iy qoplamali futbol maydoni barpo etildi.

Tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan yangi sport maydoni ochilish marosimi haqiqiy sport bayramiga aylandi. Unda viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov, Olimpiya qo‘mitasining viloyat ijrochi direktori Bahodir Eshonov, tuman hokimi o‘rinbosari Bahrom Jumaboyev, mahalliy nuroniylar, sport maktabi murabbiylari va yosh sportchilar ishtirok etishdi.

Yangi maydon futbol, mini-futbol, regbi, chim ustida xokkey kabi jamoaviy sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha talablarga javob beradi. Unda zamonaviy yoritish tizimi, qulay tribunalar va xavfsizlik vositalari o‘rnatilgan bo‘lib, yoshlar uchun samarali mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, mazkur maydonda tuman va viloyat miqyosidagi chempionatlar, kubok musobaqalarini ham  o‘tkazish  mumkin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri