Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “T.Ahmedov” mahallasining ichki yo‘llari tubdan ta’mirlanib, zamonaviy va qulay ko‘rinishga keltirildi. Bu ishlarni amalga oshirishga mahalliy fuqarolarning tashabbusi asos bo‘ldi. Yo‘l ta’miri “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Favvora, Ravnaq, Beqiyos, Havaskor, Diydor va Tong yulduzi ko‘chalarida jami 2,8 kilometrdan ortiq masofada sifatli asfalt to‘shaldi. Yo‘l ta’mirlash ishlari “Shaffof qurilish” elektron platformasida o‘tkazilgan tender asosida “Progress Grand Stroy” MCHJga topshirildi. Mazkur loyiha uchun davlat byudjeti hisobidan 1 milliard 267 million 38 ming so‘m ajratildi.
***
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish maqsadida “Leyla-sport” nomli yangi ayollar sog‘lomlashtirish markazi ish boshladi.

Markaz ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova ishtirok etdi.
“Leyla-sport” markazi sport mashg‘ulotlari, sog‘lomlashtirish treninglari va ruhiy barqarorlikni oshirishga qaratilgan turli dasturlar orqali ayollar o‘rtasida jismoniy faollikni va ijtimoiy ishtirokni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Markaz Sirdaryo tumani “Yoshlik” mahallasining markazida joylashgan bo‘lib, hudud ayollari uchun sog‘lom hayot sari yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
***
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida 2024/2025 o‘quv yili bitiruvchilari uchun “Bitiruvchi – 2025” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov, filial direktori Zafar Hakimov, bitiruvchi talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Filialni jami 650 nafar talaba — 299 nafari kunduzgi, 351 nafari esa sirtqi ta’lim shaklida bitirdi. Ularning 340 nafari Sirdaryo viloyatida yashovchi yoshlardir.

– Bitiruvchilarning 106 nafari “Artel Electronics Manufacturing”, “Ulug‘bek Yangiyer Qurilish”, “Zilol Yangiyer”, “Knowledge News 777” kabi yirik korxonalarda doimiy ishga joylashgan. 45 nafar bitiruvchi esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda, – deydi filial direktori Zafar Hakimov. – Shuningdek, 49 nafar yosh mutaxassis magistraturaga kirish niyatida bo‘lib, xorijiy tillar bo‘yicha B2 va B1 darajadagi sertifikatlarga ega.

Sirtqi ta’limni tamomlagan 351 nafar bitiruvchidan 181 nafari “Hududgazta’minot”, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”, “Navoiy KMK”, “Hududiy Elektr Tarmoqlari” kabi yirik korxonalarda ishlamoqda. 72 nafar bitiruvchi o‘z biznesini boshlagan. Bitiruv marosimi doirasida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda 50 dan ortiq tashkilotlar bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida 3 ming 288 nafar talaba tahsil olmoqda. Marosimda so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni yangi hayotga qadam qo‘ygani bilan tabriklab, kelgusidagi faoliyatlarida omad tiladi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri