Sirdaryo viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida “Ranglar jilosi” mavzusida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda ishtirok etgan barcha bolalar faolligi uchun faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


–Bunday tanlovlar farzandlarimizning qalbida san’atga muhabbat uyg‘otadi, ularni ezgu g‘oyalar, go‘zallik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalaydi, — deydi Sirdaryo viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Oliya Turdiyeva. – Bolalarning tasavvuri va didini shakllantirishda tasviriy san’atning o‘rni beqiyos. “Ranglar jilosi” tanlovi yosh ijodkorlar uchun ilk katta sinov, o‘zini ko‘rsatish hamda kelajakdagi muvaffaqiyatlariga poydevor bo‘luvchi muhim tajriba maydoni bo‘ldi.
***
Sirdaryo viloyati Xovos tumani hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Mirzacho‘l kanalidan noqonuniy baliq ovlayotgan shaxslar qo‘lga olindi.

Bu haqida Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tezkor xodimi Sherzod Shodiyev xabar berdi.

Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.
***
Guliston shahridagi 4-TIP Bolalar sport maktabida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Men qutqaruvchiman” vatanparvarlik musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 11 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqa yakunida Guliston shahridan kelgan “Qutqaruvchi” jamoasi barcha shartlarda yuqori ball to‘plab mutlaq g‘olib bo‘ldi. Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Sirdaryo va Xovos tuman jamoalari mos ravishda 2 va 3-o‘rinni egalladi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri