Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Dolzarb 90 kun” aksiyasi doirasida Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” bolalar dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohida “Qutqaruvchi bolalar” vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda bolalar o‘rtasida jamoaviy musobaqalar, estafetalar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Yoshlar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, jamoada ishlash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini namoyon etdi. G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, oromgoh hovlisida yong‘in-qutqaruv texnikalari namoyish etildi. Qutqaruvchilar tomonidan maxsus texnika va uskunalarning ishlash tartibi haqida ma’lumot berildi. Bolajonlar qutqaruvchilar kiyim-boshlarini kiyib, jihozlardan foydalanishni amalda sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
***
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida “Bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi. Tadbir tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda Adliya bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Yarmarkada tumandagi 3 ta xususiy korxona 35 ta, byudjet tashkilot va muassasalari 178 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Tadbirda 13 nafar probatsiyadagi shaxs va 21 nafar ishsiz ayol ishtirok etdi. Fuqarolar mehnat munosabatlari, mavjud vakant lavozimlar, talab etiladigan malaka va boshqa muhim masalalar yuzasidan zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
***
Xovos tumanida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosini ta’minlash, tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish maqsadida nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu maqsadda viloyat ishchi guruhi tomonidan tumandagi Chamanzor, Bunyodkor, Tinchlik va Do‘stlik mahallalarida tashqi yozuvlar va reklama ob’ektlarining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqligi o‘rganildi.

Tekshiruv davomida 30 dan ortiq noqonuniy va eskirgan reklama ob’ektlari, shuningdek, umumqabul qilingan axloqiy va ma’naviy me’yorlarga zid bo‘lgan targ‘ibot vositalari va axborot matnlari bartaraf etildi.
***
Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Guliston shahri bo‘limi tomonidan “Daraxtga nafas bering” shiori ostida ekologik aksiya o‘tkazildi.

Tadbir davomida daraxt tanasiga ilingan reklama bannerlari, yonuvchi chiroqlar va turli sun’iy qurilmalar olib tashlandi. Mutaxassislar bunday qurilmalar daraxtlarning fotosintez jarayoni va shira aylanishiga xalaqit berib, ularning o‘sishiga va umriga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar muhitidagi har bir katta daraxt bir yilda o‘rtacha 120 kilogramm changni filtrlab, 100 kilogacha kislorod ishlab chiqaradi. Ammo sun’iy to‘siqlar bu jarayonni izdan chiqaradi.
Tadbir ishtirokchilari aholini daraxtlarga mas’uliyat bilan yondashishga, shaharning yashil maskanlarini asrashga chaqirdi. Aksiya viloyatning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri