Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:20 / 2025-07-18

Mamlakatimizda “Jasorat maktablari”ga qabul imtihonlarining ikkinchi bosqichi — jismoniy tayyorgarlik sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Sirdaryo viloyatida ham ushbu bosqichda ishtirok etish istagini bildirgan 786 nafarga yaqin o‘quvchidan arizalar qabul qilingan. Shundan 286 nafar saralangan o‘quvchilar viloyatning 11 ta tuman va shaharlarida tashkil etilgan “Jasorat maktablari”da o‘qishni davom ettiradi.

Ikkinchi bosqich sinovlarida har bir nomzod 5 turdagi jismoniy mashqni bajaradi. Ularni baholash “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari mezonlari asosida 50 ballik tizim bo‘yicha amalga oshiriladi. Ayni paytda viloyat bo‘ylab sinovlar ochiq va shaffof, belgilangan me’yorlar asosida, muhandislik va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan.

“Jasorat maktablari” loyihasi vatanparvarlik, intizom, jismoniy tarbiya va yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yosh avlodni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

***

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ommaviy sportni rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni aniqlash maqsadida Sirdaryo viloyatida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning navbatdagi sport tadbiri — stol tennisi bo‘yicha viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqa Guliston shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 100 nafarga yaqin yosh tennischi 16–21, 22–26 va 27–30 yosh toifalari bo‘yicha bellashdi. Bahslar yuqori ruhda va qizg‘in tarzda kechdi. O‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida alohida o‘tkazilgan musobaqa yakunida o‘z toifasida g‘olib bo‘lgan yoshlar aniqlandi.

G‘oliblarga “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichiga yo‘llanma, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Sovrindorlar ham munosib rag‘batlantirildi.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri