Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:34 / 2025-07-16

Sirdaryo viloyatida og‘ir hayotiy sharoitda yashovchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025 yilning birinchi yarmida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida jami 2 977 nafar fuqaroga umumiy qiymati 2 milliard 660 million 241 ming 500 so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Yordamlarning manzilliligi va ehtiyojlarga mos ravishda taqsimlanishi viloyatda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Barcha tuman va shaharlarda fuqarolar bilan bevosita muloqotlar, murojaatlar va xonadonbay o‘rganishlar asosida aniqlangan ehtiyojlarga ko‘ra amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Yordamdan foydalanganlar orasida yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalar ustuvor tartibda qamrab olingan.

***

Guliston shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan biriga tegishli savdo nuqtasida qonunbuzarlik holati aniqlandi. Nazorat tadbirlari davomida tadbirkor tomonidan kirim hujjatlarisiz saqlanayotgan 2404 quti shubhali tamaki mahsulotlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi va ular ashyoviy dalil sifatida olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining 2025 yil 21 maydagi qaroriga muvofiq, mazkur mahsulotlar kelib chiqishi noma’lum bo‘lib, ekspertiza xulosasiga ko‘ra iste’molga yaroqsiz deb topilgan. Shu sababli ularni yo‘q qilish belgilangan.

Sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosining Guliston shahar bo‘limi tomonidan tegishli ijro harakatlari amalga oshirildi. Unga muvofiq, umumiy qiymati 106,3 million so‘mni tashkil etuvchi 2404 quti tamaki mahsulotlari maxsus ajratilgan hududda komissiya a’zolari va xolislar ishtirokida yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri