Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:34 / 2025-07-16

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Markaz mahallasidagi istirohat bog‘i tubdan rekonstruksiya qilindi. Mazkur ishlar tuman hokimligi va mahalliy tadbirkorlar hamkorligida amalga oshirildi.

Rekonstruksiya doirasida bog‘ to‘liq yangilandi. Bolalar uchun xavfsiz va qiziqarli attraksionlar o‘rnatildi, yoshlar hamda keksalar uchun qulay dam olish burchaklari tashkil etildi. Kitobxonlar uchun soyali o‘rindiqlar, yoritilgan yo‘laklar va tinch muhit yaratildi.

Aholi fikricha, bunday hordiq maskanlari nafaqat dam olish uchun, balki mahallada ijtimoiy birlikni mustahkamlash, turli avlodlar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish va Vatanga muhabbatni oshirishda muhim ahamiyatga ega.

***

Mirzaobod tumanidagi 532-sonli harbiy qismda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv-yig‘ini ishtirokchilarining bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan 15 dan ortiq tashkilot va korxonalar, shuningdek, yirik ish beruvchilar qatnashib, 300 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qildi. Yoshlar qiziqqan sohalari bo‘yicha ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilib, zarur ma’lumotlarni oldi.

***

Sirdaryo viloyatida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKSH) va avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari (AYOQSH) faoliyatida yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbir davomida AGTKSH va AYOQSHlarda yong‘in xavfsizligi, texnika xavfsizligi va texnologik jarayonlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, viloyat FVB xodimlari tomonidan ushbu ob’ektlarni shaharsozlik normalari va me’yoriy talablarga to‘liq amal qilgan holda loyihalash va qurish zarurligi, ularning faoliyati davomida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishi shartligi ta’kidlandi.

***

Oqoltin tumanida joriy yilning birinchi yarim yilligida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 854 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlikka qiziqish bildirgan 197 nafar xotin-qizga 3 milliard 251 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. “Sayxunobod” tajribasi asosida 254 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘qitildi.
Bu haqda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda mahalla faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Tadbirda ajrimlarni kamaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va migratsiyada bo‘lgan xotin-qizlar bilan aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari