Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
13:50 / 2025-07-11

Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Inoqlik” mahallasida “Mahalla servis kompaniyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yangi tashkil etilgan kompaniya 12 turdagi zamonaviy texnika va maxsus jihozlar, shu jumladan, ikki dona kabinali elektr motoroller bilan ta’minlandi. Bu esa mahalla hududida obodonlashtirish, sanitariya va maishiy xizmatlar sifatini yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi.  

“Mahalla servis kompaniyasi” binosining ochilish marosimida Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi rahbari Uyg‘un Xatamov, mahalla faollari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

***

Sirdaryo viloyatidagi 8-sonli Tergov hibsxonasida inson huquqlarini ta’minlash, yopiq muassasalardagi sharoitlarni o‘rganish hamda voyaga yetmaganlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif doirasida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sayr qilish kabi hayotiy sharoitlari o‘rganildi. Shu kuni jazo muddatini xo‘jalik ishlariga biriktirilgan holda o‘tayotgan mahkumlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Adabiyot, tarix, geografiya va mantiqiy fanlar bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazilib, g‘oliblar va faol ishtirokchilar taqdirlandi. E’tiborli jihati shundaki, g‘olib mahkumlarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi hamda ularga muddatidan oldin uchrashuv huquqi berildi.  

Ayni paytda ushbu hibsxonada 7 nafar voyaga yetmagan shaxs saqlanmoqda. Yoshlarning ta’limdan chetda qolmasligi va tashqi muhit bilan aloqasi uzilmasligi uchun muassasa hududida barcha zarur o‘quv anjomlari bilan jihozlangan sinfxona tashkil etilgan. O‘quv mashg‘ulotlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan biriktirilgan o‘qituvchilar tomonidan olib borilmoqda.  

Monitoring tashrifi doirasida hibsxona xodimlari uchun ham targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.  Ombudsmanning mintaqaviy vakili mahkum va mahbuslarning murojaatlarini qabul qildi va huquqiy tushuntirishlar berdi.  

G‘ulom Primov,  

O‘zA muxbiri