Guliston tumanida bahor va nafosat kuychisi, vafo va sadoqat timsoliga aylangan Zulfiya tavalludining 110 yilligi munosabati bilan "Zulfiyaxonim izdoshlari" ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda Guliston tumanidagi maktablardan ko‘plab o‘quvchilar qatnashdi. Ular Zulfiyaning she’ri va asarlaridan parchalarni yoddan o‘qishdi, qo‘shiqlar va kuylar ijro etildi, bahor kayfiyati tomoshabinlar qalbini yangiladi.
–O‘tkazilgan ko‘rik-tanlov Zulfiya hayoti va ijodiga bo‘lgan hurmatni oshirishga xizmat qiladi,–deydi "Guliston hayoti" gazetasi bosh muharriri, "El-yurt hurmati" ordeni sohibasi Bahriniso Norjigitova.–Tadbir yoshlarning ijodiy salohiyatini oshirish, ma’naviy qadriyatlarimizni targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlov g‘oliblariga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Sayxunobod tumanida ekologik vaziyatni yaxshilash va yashil maydonlarni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda.
"Yashil makon" loyihasi doirasida Nurobod mahallasida joylashgan "Deputatlar bog‘i"da mahalla yettiligi, mahalla faollari hamda tuman tashkilotlari xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida 1 million dona terak qalamchalari ekildi.
"Deputatlar bog‘i"da amalga oshirilayotgan bu keng ko‘lamli ishlar tumanning ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi, ekilayotgan terak qalamchalari kelgusi kuz mavsumiga kelib, ko‘chatlarga aylanadi va bu tumanning boshqa hududlarida yashil maydonlar yaratish imkoniyatini yaratadi.
***
Shirin shahrida Bosh prokuror o‘rinbosari Sh. Aminov rahbarligida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Unda mamlakatimizda energiya sarfini kamaytirish va barqaror energiya manbalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan aniq tadbirlar muhokama qilindi.
Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribalarni o‘rganish, ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga urg‘u berildi.
Seminar davomida energetika sohasidagi istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Xususan, 2025 yilda Sirdaryo viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan 24 ta mikro GES, muqobil energiya manbalari, shamol va quyosh elektr stansiyalari loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Loyihalarning texnik va iqtisodiy samaradorligi, ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.
Ishtirokchilar quyosh panellari, shamol generatorlari va mikro GESlarni qurish va o‘rnatish jarayonlari haqida soha mutaxassislaridan javoblar olishdi. Shuningdek, ular ushbu sohada tadbirkorlik qilish imkoniyatlari, qulay yer maydonlari, moliyalashtirish manbalari va hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.
***
[gallery-22073]
Sirdaryo viloyatida “Yashil maydon” loyihasi doirasida joriy yil bahorgi mavsumda 8 million 775 ming dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Yashil belbog‘”lar tashkil etiladi.
– O‘tgan yili bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirildi,–deydi Sirdaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari boshqarmasi bo‘lim boshligi Sherzod Sultonov. – Bahorgi mavsumda 8 mln 775 ming dona, kuzgi mavsumda 5 mln 283 ming dona mevali va manzarali o‘simliklar ekilgandi. Ammo bu bilangina hududlarimiz yashillikka burkanib qolmaydi.
Mazkur loyiha doirasida bahorgi ko‘chat ekish, bog‘ yaratish tadbirlari mahalliy aholining faol ishtirokida amalga oshiriladi. Qolaversa, bu boradagi tadbirlarda mahalliy boshqaruv organlari vakillari, ekologlar va mutaxassislar, yoshlar faol ishtirok etadi. Hatto, daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarishlash yuzasidan maxsus treninglar va seminarlar tashkil etiladi.
“Yashil makon” loyihasi orqali mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarining Sirdaryoda ekilishi, albatta, ekologik muammolarga qarshi samarali harakatdir. Loyiha nafaqat tabiatni saqlashga, balki ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga ham hissa qo‘shadi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari