Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Shohrux Isaqulov bir guruh iqtidorli talabalar bilan uchrashdi.
Hokim o‘rinbosari ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan, startap loyiha va ixtirolar ustida ishlayotgan yoshlarning taqdimotlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, 1-bosqich talabasi Usmon Berdiyev tomonidan taqdim etilgan akatsiya daraxti mevasidan kakao o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish loyihasi yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi o‘rinbosari filial talabalari va professor-o‘qituvchilariga ilmiy-innovatsion ishlanmalarga bo‘lgan qiziqishi, ijodiy izlanishlari uchun minnatdorlik bildirib, kelajakda bunday tashabbuslarning yanada kengayishini qo‘llab-quvvatlashini, ularni amaliyotga joriy etish borasida davlat hamkorligi yanada mustahkamlanishini ta’kidladi.
***
Sardobada bahorgi dala ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumga shay holatga keltirish yuzasidan seminar tashkil etildi.
–Texnika dehqonning qanoti. Usiz qishloq xo‘jaligi sohasida biron bir yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi,–deydi Sardoba tuman qishloq xo‘jaligi texnikalarini nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassis Ikrom Sunnatov.–Shu boisdan, tumandagi mavjud 786 ta texnika, shundan 82 ta chopiq traktor, 82 ta kultivator, 50 ta chigit ekish seyalkasi, 440 ta tishli borona, 20 ta yer tekislagich, 42 ta chizel, 40 purkagich, 30 ta mineral o‘g‘it sepadigan uskunaning mavsumga shayligi o‘rganilib, texnik sozligi jihatidan talabga javob beradigan texnika vositalarining mexanizator va haydovchilariga maxsus sertifikatlar taqdim etildi.
***
[gallery-21928]
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Guliston shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro Sh.E. “Taraqqiyot” MFY hududida joylashgan noturar binoda umumiy qiymati 435,9 mln so‘mlik turli nomdagi jami 10 481 dona yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlab kelayotganligi aniqlanib, ular ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan.
Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri