Sirdaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Sardoba tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Tumanning Birlashgan mahallasi hududida fuqarolar B. T. va A.K.lar tomonidan har xil turdagi o‘simlik qoldiqlarini to‘plab, yoqib yuborgan. Rovot mahallasi hududida fuqaro A. V. belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasi bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
***
Sayxunobod tumanida "Perfect-innovation-textile" korxonasi yaqin kunlarda ish boshlaydi. Ip- kalavadan yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonaning loyiha qiymati 9 milliard so‘m. Mazkur korxonaga xorijiy davlatlardan ishlab chiqarish uskunalari keltirilib o‘rnatildi. Buning natijasida qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
–Ishsiz aholining ish bilan bandligini ta’minlashda "Perfect-innovation-textile" korxonasining ahamiyati juda katta,–dedi tuman hokimi Komiljon Mullajonov.–Qolaversa, yetishtirilgan paxta xomashyosidan tayyorlanayotgan ip- kalava shu yerda yarim tayyor mahsulotga aylanadi. Bu esa tuman iqtisodiy ko‘rsatkichining ortishiga, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishiga yo‘l ochadi.
***
Guliston shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 16 ta umumta’lim maktabi jamoalari o‘rtasida "Kitobsevar maktab" tanlovi o‘tkazildi. Tanlov shartiga ko‘ra, ishtirokchilar kitob targ‘iboti haqida 2 daqiqalik sahna ko‘rinishi tayyorlashdi. Bunda 20 nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan foydalanilib, u orqali kitobxonlik targ‘ib etildi.
Hakamlar hay’ati tayyorlangan 61 ta video materialni ko‘rib, g‘olib maktab jamoasini aniqladi.
16-sonli umumta’lim maktabi jamoasi "Kitobsevar maktab" tanlovi g‘olibi deb topilib, tanlov tashabbuskorlari tomonidan 100 dona badiiy kitob bilan taqdirlandi.
***
Boyovut tumanining Uchturg‘on mahallasida istiqomat qilayotgan Abdug‘ani Ahmatqulov xonadonidagi bo‘sh turgan yerning 3 sotixiga issiqxona qurib unga 80 dona limon ko‘chatlarini ekib, bu gap unchalar ham to‘g‘ri emasligini o‘z hayotiy tajribasida isbotladi. "Mana shu gapga ham bu yil besh yil bo‘lib qoldi" deydi u.
Avvaliga limon, uning parvarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘qib, shu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan bog‘bonlarning tavsiya va maslahatlariga amal qilib, agrotexnik chora-tadbirlarni belgilangan vaqtlardagina amalga oshirdi.Bu kutilgandan ko‘ra, yaxshi samara berdi.
Uchturg‘onning yeri unumdor bo‘lmasa-da, limonlar bu hududning yerlariga moslashib, qiyg‘os gulladi. Ikkinchi yil yaxshigina hosil berdi. Ma’lum bir qismini ro‘zg‘orida ishlatgan bo‘lsa, qolgan qismini bozorga chiqardi. Issiqxona qurish uchun ketgan xarajatning ma’lum bir qismi qoplandi. U o‘tgan yili va joriy yilda to‘rt mavsumda to‘rt marotaba hosil olib, foydaga chiqdi.
–Bilasizmi, xarajatdan qo‘rqqan kishi yaxshi natijaga erisha olmaydi. Odamlarning gap- so‘ziga ahamiyat qaratmay, Farg‘onadan limon ko‘chatini olib kelib, yomon bo‘lganim yo‘q,–deydi Abdug‘ani Ahmatqulov.–Ko‘rib turganingizdek, nafaqat "Uchturg‘on"da, Boyovut tumanining barcha hududida issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, limon ko‘chatini eksa ham bo‘ladi.
[gallery-21564]
Bu yil Abdug‘ani Ahmatqulov issiqxonasini yanada kengaytirmoqchi. Limon unib- o‘sib mo‘l hosilga kirgunga qadar mo‘’jazgina issiqxonada sarimsoqpiyoz, kashnich, shivit va rediska yetishtiradi. Chunki ushbu rezavor ekinlarning xaridori ko‘p. Bu esa oila byudjetiga qo‘shimcha daromad olib keladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri