-
Gulistonlik talabalar "Gran- pri" sohibi
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Shermat Yormatov nomidagi ko‘p janrli xalqaro tanlov-festivalda "Xor ijrochiligi" yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etgan Guliston davlat pedagogika instituti tarix va san’atshunoslik kafedrasi musiqa yo‘nalishi talabalari orasidan tuzilgan "Navo" xor jamoasi eng yuqori o‘rin "Gran-pri" sohibiga aylanishdi.
Xodimning ish haqi undirildi
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro G.Tagayevaning murojaati o‘rganib chiqildi.
U Guliston shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan 2019 yildan hozirgi kunga qadar ishlagan davri uchun qolgan ish haqi to‘lanmay kelinayotgani yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganish davomida G. Tagayevaga 2019 yildan hozirgi kunga qadar Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tarif setkasining Mehnatga haq to‘lash razryadlari 8-razryadidan 3,001 tarif koeffitsiyentida ish haqi to‘lab kelingani, ya’ni 2019 yildan 2024 yilning avgust oyiga qadar jami 90 124 853 ming so‘m kam ish haqi to‘langani ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligining 2005 yil 31 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiyot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lashda sog‘liqni saqlash muassasalarini turlarga ajratish tartibi to‘g‘risidagi” nizomga ko‘ra haq to‘lanishi lozim edi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21dekabrdagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomning 11-bandida Sog‘liqni saqlash muassasalarining rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, bosh tibbiyot hamshiralari uchun mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tarif setkasi bo‘yicha razryad sog‘liqni saqlash muassasasining tipiga qarab tabaqalashtirilishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro G.Tagayeva manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan shahar tibbiyot birlashmasi hisobidan G. Tagayeva foydasiga 2019-2024 yillarda to‘lanmay qolgan jami 90 124 853 so‘m ish haqi undirilishi belgilandi. Bu haqda Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot shu’basi ma’lumot taqdim etdi.
Ma’muriy jarima qo‘llanildi
Sanepidqo‘mita Sirdaryo viloyat boshqarmasining tuman, shahar bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yilda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 191 ta reja asosida va 76 ta rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazildi.
Barcha tekshiruvlar laboratoriya mutaxassislari bilan birgalikda olib borildi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, sanitariya qoida va me’yor talablari buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasiga qarashli 2 ta Guliston shahridagi, 1 ta Xovos tumanidagi DMTT ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsa, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan esa, ushbu muassasalarning 169 nafar mas’ul xodimiga nisbatan 251.872.500 so‘m miqdorida ma’muriy choralar ko‘rildi.
Bu to‘g‘rida Sanepidqo‘mita Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yoshlar «Zakovat»da
Yangiyer shahrida joylashgan «Muhtasham» tantanalar saroyida “Yoshlar forumi – 2024” doirasida mahallalardagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sovrin jamg‘armasi 20 mln so‘m bo‘lgan «Zakovat» intellektual o‘yini bo‘yicha Yangiyer shahar hokimi kubogi tashkil etildi.
Ushbu musobaqada viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan jami 32 ta jamoa, 200 nafarga yaqin yosh ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Sardoba tumanining «Qo‘rg‘ontepa» jamoasi sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2-o‘ringa Guliston shahrining «Alif» jamoasi, 3-o‘ringa Yangiyer shahrining “Yangiyerim shukronasi” jamoalari musharraf bo‘lishdi.
G‘olib bo‘lgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi hamda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga Yangiyer shahar hokimi kubogi topshirildi.
[gallery-21054]
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri