Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:57 / 2024-12-15

Maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi

Yangiyer gazokompressor stansiyasida “Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmalarining tuman  xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Yong‘in xavfsizligi oyligi doirasida viloyat FVB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari--shtab boshlig‘i Sherali Ernazarov rahbarligida o‘tkazilgan o‘quv mashqi barcha ishtirok etuvchi shaxsiy tarkibga yo‘riqnoma berish bilan boshlandi.  

Mashq davomida korxona FM tuzilmalari shaxsiy tarkibining sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar vaqtida talafotlarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, jabrlanganlarni qutqarish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilimlari nazoratdan o‘tkazildi.  

Mashq yakunida bajarilgan tadbirlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinib, ob’ekt rahbarlari tarkibiga qo‘shimcha yo‘riqnomalar berildi.

Sportchilar "Zakovat" da o‘zaro  kuch sinashdi

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 yanvardagi «Zakovat» intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ko‘rsatilganidek, «Zakovat» intellektual o‘yini nafaqat iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshiradigan, aholining intellektual salohiyatini yuksaltiradigan ommaviy-ma’rifiy harakatga aylandi.

Eng muhimi, mazkur qaror asosida intellektual olimpiada ta’lim yo‘nalishi, sohasi, mutaxassisligidan qat’i nazar,  o‘rta va oliy ta’lim o‘quvchi va talabalari, davlat va nodavlat tashkilot xodimlari o‘rtasida ommalashib, turli toifadagi yoshlar, o‘rta yoshlilar, keksa yoshli kishilar o‘rtasida o‘tkazilib, ularning bilim va aqliy salohiyati sinovdan o‘tkazilyapti.

Shu maqsadda Sirdaryo viloyat Yoshlar markazida  “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilib, unda viloyat sport boshqarmasi va tizim tashkilotlari xodimlari hamda  tuman, shahar ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlaridan shakllantirilgan 12 ta jamoa  “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yinida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.  

Qiziqarli bahs, mantiqiy va huquqiy savollar hamda kutilmagan lahzalarga boy o‘tgan musobaqa natijasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Yangiyer shahar sport maktabi jamoasi, 2-o‘rinni Sayxunobod tuman sport maktabi jamoasi, 3-o‘rinni Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va ishtirokchilarga musobaqa tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Ichki yo‘llar ta’mirlandi

“Tashabbusli byudjet” mahallalar infratuzilmasining yanada yaxshilanishiga, aholining ko‘p yillik orzulari ushalishiga xizmat qilmoqda. Ana shu ishlar samarasida Boyovut tumanining Gulbog‘ mahallasi hududida joylashgan, ta’mir talab bo‘lgan 2 ming 500 metr bo‘lgan  ichki yo‘lga asfalt- beton yotqizilib, aholining ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolari bartaraf etildi.

Buning uchun “Tashabbusli byudjet”dan 1 milliard 200 million so‘m ajratildi. Ushbu yumushlarni tuman yo‘lsozlari muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

—Yangi yo‘llar yangi  yil oldidan  mahallamiz aholisiga bayram tuhfasi bo‘ldi,—deydi Fazliddin bobo Jo‘rayev.—Eng asosiysi, endi farzandlarimiz va nabiralarimiz loy va balchiq kechib, ishga va maktabga bormaydi.  Bunday natijaga erishish uchun esa tashabbus kerak. Mahallamiz aholisi bu borada tashabbus ko‘rsatib, shunday natijaga erishdi.

"Tashabbusli byudjet" nafaqat "Gulbog‘"liklarning, boshqa mahalla kishilarining ham orzulari ushalishiga yo‘l ochdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri