"Bor mehrimiz senga, bolajon”
Bir tomchi qon, ayniqsa, onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun yangi bir hayotni anglatadi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi markaziy apparati tashabbusi bilan Sirdaryo viloyat qon quyish markazida "Bor mehrimiz senga, bolajon!" shiori ostida o‘tkazilgan xayriya tadbiridan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.
[gallery-20763]
Muhimi, ushbu xayriya tadbiri tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xayriya tadbirida Sirdaryo viloyat Milliy gvardiya va FVV Sirdaryo viloyat bo‘limlari, “Adolat” SDP Sirdaryo viloyat kengashi xodimlari, partiyaning “Yoshlar qanoti” , “Ayollar qanoti”, viloyat va tuman, shahar kengashlari raislari va deputatlari,ko‘ngilli fuqarolar faol ishtirok etib, onkogematologik kasallikka chalingan bolajonlar, tug‘ruq jarayonlari, baxtsiz hodisalar sabab qon va uning komponentlari uchun o‘ta muhtoj bo‘lgan kishilar uchun beg‘araz qon topshirishdi.
–Qon topshirish– qahramonlik. Bir tomchi qonimiz orqali boshqa bir odamning hayotini saqlab qolamiz,–deydi Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi bosh shifokori Haydar Salomov.–Nafaqat bugun, yil davomida o‘tkazilgan xayriya aksiyasi davomida donorlardan yig‘ilgan qon komponentlari Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining onkogematologiya bo‘limida davolanayotgan bolalarni, onkologik kasalliklar tufayli Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filialida davolanayotgan bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarishga xizmat qiladi. Buni esa davolanishi qiyin, ammo yashash umidida shifoxonalarda yotib davolanayotgan bemorlar yaxshi bilishadi.
“Adolat"chilarning bu tashabbusi Yangi yil bayramini uyda emas, shifoxonada kutishga to‘g‘ri kelgan bolajonlarga kutilmaganda bir olam quvonch ato etadi.
“Ochiq eshiklar kuni”
Guliston davlat pedagogika institutida 9 dekabr–Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbir avvalida institutning komplayens-nazorat bo‘limi tomonidan korrupsiyaga oid qonunbuzilishi holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Soha vakillari tomonidan korrupsiya va uning salbiy oqibatlari, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan tadbirlar hamda korrupsion xatti-harakatlar uchun qonunda belgilangan javobgarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishtirokchilarga yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, qonunchilik talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy jazo choralari belgilanganligi haqida ham eslatib o‘tildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri