Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev maktab direktorlari, o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda maktablardagi muammolar, ularni hal etish va ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonlari hamda ishlab chiqarish sohasi hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Uchrashuvda bildirilgan taklif va tashabbuslardan kelib chiqib, viloyat hokimi boshchiligida tajribali o‘qituvchi va pedagog xodimlardan tashkil topgan jamoatchilik kengashi tuzishga kelishib olindi.
O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish, bitiruvchi sinf o‘quvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish borasida maktablarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘maklashish kengash a’zolarining birlamchi vazifasi bo‘lishi ta’kidlandi.
***
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filiali tomonidan hududiy va tuman, shahar tashkilotlarining inson resurlarini boshqarish bo‘yicha mas’ullari, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari, yuridik markaz xodimlari uchun amaliy seminar tashkil etildi. Unda yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun, boshqa normativ hujjatlarga muvofiq mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etishga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar xizmat faoliyatida duch kelayotgan muammoli masalalarni muhokama va tahlil qilib, mutaxassislar tomonidan yuridik maslahat va ko‘rsatmalar berildi.
***
Hukumatning tegishli qarori bilan Xovos tumani “Yangiyer” MFY hududida 10 gektar maydonda zamonaviy “Oziq-ovqat sanoat texnoparki” barpo etilmoqda. Bu yerda ma’muriy bino, inshootlar, muzlatgichli kamera va omborlar, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, kalibrlash, saralash va qadoqlash binolari ham barpo etiladi. Bugungi kunda sanoat texnoparki uchun mo‘ljallangan yer maydoni kichik sanoat zonasiga aylantirilib, 12 ta lotga bo‘lingan holda onlayn savdoga chiqarildi.
Tadbirkorlikni boshlash arafasida turgan yoki faoliyatini kengaytirish istagidagi ishbilarmonlar e-auksion.uz platformasi orqali o‘zlariga ma’qul kelgan yer maydonini xarid qilishi mumkin.
***
Sardobada tuman tibbiyot birlashmasi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda salomatligida muammosi bor, yakka-yolg‘iz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etdi. Tibbiy ko‘rik davomida salomatligida jiddiy muammosi bor bemorlar davolanishiga sharoit yaratib berilib, yolg‘iz fuqarolar salomatligini tiklashi, ularni nazorat qilib borish uchun oila shifokori boshchiligida tibbiy brigadalar tuzildi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri