Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:35 / 2024-01-22

Shu kunlarda Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Viloyat vakillari tashrif dasturiga muvofiq qator sanoatlashgan hududlarda bo‘lib, rasmiylar va yirik kompaniya rahbarlari bilan muzokaralar olib borishi rejalashtirilgan. Shuningdek, delegatsiya a’zolari “O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumi”da ham ishtirok etadi.

* * *  

Sirdaryo tumani “Dehqonobod” mahallasida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rahimjon Boboyev sayyor qabul o‘tkazdi. Unda “Navoiy” mahallasi fuqarolari ham ishtirok etdi. Ochiq muloqot tarzida kechgan qabulda yigirmadan ziyod fuqarolarning sog‘liqni saqlash, moddiy yordam, kadastr, elektr simyog‘ochlarni almashtirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlik, kredit va tadbirkorlikka oid murojaatlari tinglandi. “Dehqonobod” mahallasi fuqarolarining yaroqsiz elektr ustunlari masalasiga doir murojaatini hal etishga shu kunning o‘zidayoq kirishilib, mas’ullarga eski simyog‘ochlarni hatlovdan o‘tkazish hamda yangisiga almashtirish bo‘ycha vazifa yuklatildi. Shuningdek, boshqa masalalar ham mas’ullar ishtirokida o‘rganilib, murojaatlarning salmoqli qismiga shu joyni o‘zida yechim topildi.  

* * *  

“Guliston” podstansiyasiga yangi 40 000 kVA quvvatli yirik transformator olib kelindi. Rejaga ko‘ra, ushbu podstansiyadagi mavjud 16 000 kVA va 25 000 kVA quvvatli transformatorlar 2 ta quvvati 40 000 kVA bo‘lgan yirik transformatorlarga almashtirilishi ko‘zda tutilgan. O‘rnatish ishlari yakunlangach, podstansiyaning quvvati ikki barobarga oshib, aholi iste’molchilari, mavjud tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy soha ob’ektlari sifatli va barqaror elektr energiya bilan ta’minlanadi.  

* * *  

MIB Sayxunobod tumani bo‘limi tomonidan soliq idoralari bilan hamkorlikda soliq qarzlarini undirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2023 yilda 2 887 mingdan ortiq soliq undiruviga oid ijro hujjatlari tamomlanib, 139 milliard so‘m qarzdorlik undirilgan. Shuningdek, qoldiqdagi ijro hujjatlari bo‘yicha olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlarga tegishli 1 milliard 74 million so‘mlik 6 ta avtotransport vositasi xatlovga olinib, shundan barchasi savdoga chiqarilgan. Sayxunobod tumanida faoliyat olib boruvchi “Oqoltindon mahsulotlari” AJning davlat oldidagi 2 milliard so‘m soliq qarzlarini to‘lamaganligi sababli, majburiy ijro harakatlari olib borilib, qarzdor jamiyatga tegishli 6 ta avtotransport vositasi xatlanib, auksion savdoga realizatsiya qilish uchun chiqarildi.  

Sh.Suyarov, O‘zA.