Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
21:43 / 2023-12-01

Innovatsion rivojlanish agentligi, Xitoyning “TIANJIN FREYE TRADE SERVICE” kompaniyasi hamda “Yangiyer Motors” MCHJ o‘rtasida uch tomonlama kelishuv memorandumi imzolandi.

Joriy yilning 21 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida o‘tgan uchrashuvda Yangiyerda Xitoy texnologiyalari asosida  elektroskuter va tritsikllar, shuningdek, 2026 yilgacha elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Memorandumga ko‘ra, ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun Xitoy kompaniyasi tomonidan kompleks texnologik yechimlar taqdim etilishi va 5 million AQSH dollarigacha bo‘lgan sarmoya kiritilishi nazarda tutilgan.  

* **  

Shu kunlarda ayrim “tadbirkor”lar tomonidan pirotexnika vositalarini yashirin yo‘llar bilan noqonuniy olib kirishga urinishlar kuzatilmoqda. Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan viloyat DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Sayxunobod tumani hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbirda kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Isuzu” yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, avtomashina yukxonasidagi 8 quti pirotexnika vositalari yashirilgan xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan qiymati 123 million so‘mlik 3 turdagi 201 ming donadan ortiq pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.  

* * *  

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqoltin tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Samarqand – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan fuqaro E.M. boshqaruvidagi “Isuzi” rusumli yuk avtomashinasida fuqaro N.R. jami 165 kg iste’molga yaroqsiz qoramol go‘shtini Toshkent shahriga o‘tkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

* * *  

Viloyat musiqali drama teatrida  bosh rejissyor Nigora G‘oyibnazarova tomonidan sahnalashtirilgan “Anvar va Ra’no” (Abdulla Qodiriyning "Mehrobdan chayon" asari asosida) musiqali lirik dramasining Madaniyat vazirligi badiiy kengashiga taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Spektakl bastakori O‘zbekiston Xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, rassom O‘zbekiston san’at arbobi Shuhrat Abdumalikov. Mutaxassislar tomonidan spektakl yuqori baholandi va ayrim kamchiliklari tilga olinib, taklif va tavsiyalar berildi. Berilgan tavsiyalar asosida tegishli o‘zgartirishlar kiritish sharti bilan spektakl bir ovozdan qabul qilindi va tomoshabinlarga namoyish etishga ruxsat etildi.  

* * *  

Xalqimizda, “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan naql bor. Bugun ekilgan nihollar, kelajakda quloch yetmas daraxtlar bo‘lishi shubhasizdir. Guliston tumani hokimi O‘.Mamadaminov tashabbusi bilan “Hosilobod” SIU hududidagi “Shahriston orzusi” fermer xo‘jaligining bo‘sh turgan yer maydonida 5 ming tup mevali ko‘chatlar ekilib, “Hokimlik bog‘i” barpo etildi. Ushbu jarayonda Respublika ishchi guruhi vakillari, tuman sektor rahbarlari hamda tuman hokimligining barcha xodimlari ishtirok etdi. Uyushqoqlik bilan tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish so‘ngida hasharchilar uchun bir piyola choy ustida hashar oshi damlandi.  

Sh.Suyarov, O‘zA.