“O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lgan “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida turizmni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar aks ettirilgan stend bilan Sirdaryo viloyati ham ishtirok etdi.

Xalqaro yarmarkaning birinchi kuni jahonning yetakchi “BBC Global News” mediakompaniyasi bilan viloyatning turizm imkoniyatini butun dunyo bo‘ylab keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma loyihani amalga oshirishda kelishuvga erishildi. Bu bilan kelajakda viloyat turizmini “BBC Global News” auditoriyasi orqali G‘arbiy Yevropa va Amerika qit’asida targ‘ib etib, uzoq xorij mamlakatlaridan Sirdaryoga tashrif buyuruvchi turistlar oqimini ko‘paytirish ko‘zlanmoqda.
* * *
Shirin shahrida “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov ochilishida so‘zga chiqqanlar “Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla, sektor hamda tuman bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganlarni samimiy tabrikladi. Tanlovda ishtirok etish uchun 18 741 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan. Mahalla, sektor, tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 33 nafar yosh kitobxon tanlovning viloyat bosqichiga yetib kelgan.


Viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimida viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ishtirok etib, yoshlarni kitobxonlikka, ilm olishga chorladi va g‘oliblarga keyingi bosqichda omad tilab, qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Shirin shahrida “IT Voice” masofaviy xizmatlar eksporti (BPO) markazi tashkil etildi.


Markaz ochilishiga bag‘ishlangan tadbirni viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev tabrik so‘zi bilan ochdi va markaz rahbarlariga IT Park rezidenti guvohnomasini topshirdi. Yangi markazni tashkil etishdan maqsad viloyat yoshlarini ish bilan ta’minlash, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish va IT xizmatlar eksportini oshirishdir. Hozir bu yerda 30 nafar yosh ish bilan ta’minlagan.
* * *
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev xitoylik sarmoyadorlar tomonidan ta’sis etilgan “Mailefu” xorijiy korxonasi rahbari Dong Feng bilan uchrashdi.

Korxona Guliston tumani Chortoq mahallasida yirik parrandachilik kompleksi qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha uchun investor 10 million dollar miqdorida to‘g‘ridan -to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritadi. Kelgusida don mahsulotlarini qayta ishlab, Xitoyga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Dastlabki bosqichda 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Muloqot chog‘ida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari hamda imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sh.Suyarov,
O‘zA muxbiri