Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:11 / 2023-09-09

To‘ra Sulaymon nomidagi Yozgi amfiteatr maydonida yosh sportchilar o‘rtasida kurash bo‘yicha “Viloyat prokurori kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Murosasiz bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, 3-o‘rin Oqoltin tumani va Guliston shahri terma jamoalariga, 2-o‘rin viloyat terma jamoasiga nasib etdi. Viloyat IIB terma jamoasi esa mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Viloyat prokurori kubogi” sohibiga aylandi. Taqdirlash marosimida har bir jamoa a’zosiga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar berildi. Shuningdek, kubok egalariga 20 million, ikkinchi o‘rin sohiblariga 10 million, 3- o‘rin egalariga 5 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.

* * *  

Viloyat Yoshlar texnoparkida o‘zbek tilida so‘zlasha oladigan “AI assistant” moduli ishlab chiqildi. Texnopark rahbari Bahodir Qo‘shiyevning ta’kidlashicha, ushbu modul o‘zbek tilida to‘liq va ravon  gaplasha oladi. Endilikda biror yumushni bajarish yoki ma’lumotlarni topish kerak bo‘lsa, “Siri”, “Alexa” yoki “Alisa”ga emas, “Texno AI”ga ham murojaat qilish mumkin. Hozir Yoshlar texnoparki jamoasi tomonidan ushbu sun’iy idrok ustida  oxirgi test ishlari olib borilmoqda va tez kunlarda ommaga taqdim etiladi.  

* * *  

Sardoba tumani paxtakorlari mashaqqatlar evaziga yetishtirilgan qimmatli sanoat xom ashyosini tez va soz yig‘ishtirib olishga  puxta hozirlik ko‘rgan holda ishga kirishdi. Sardoba tumani hokimi Akmal Mirzayev boshchiligida sektor rahbarlari paxtazorga kirib, nuroniylar hamrohligida terimni boshlab berdi. Joriy yilda tumanda 2 ta klaster va 164 ta fermer xo‘jaligining 11 ming gektar yer maydonida har gektaridan 33,5 sentnerdan, jami 36 ming 895 tonna paxta xom ashyosini terib olish rejalashtirilgan. Paxtaning davlat xarid narxi oshgani dehqonlarni ham, terimchilarni ham birdek ruhlantirib, shijoat bilan mehnat qilishga undamoqda.  

* * *  

Sayxunobod  tumani Rasul Bozorov fermer xo‘jaligi paxta maydonlarida yig‘im-terim mavsumi boshlandi. Bugun yig‘im-terim mavsumining boshlanishi ramzi hisoblangan “Hosil karvoni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda tajribali paxtakor Rasul Bozorov fermer xo‘jaligi tasarrufidagi ekin maydonlarining qariyb, 19,4 gektariga chigit ekilgan bo‘lib, ayni damda plyonka ostida parvarishlangan g‘o‘zaning 90 foizi ochilgan.  

* * *  

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “Xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida tashkil etishning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi, Adliya boshqarmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasining filiallari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati, viloyat Xalq qabulxonasi, siyosiy partiyalar, “Yuksalish” va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.  

Sh.Suyarov,

O‘zA muxbiri