Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev XXRning Guandun provinsiyasi tashqi ishlar departamenti bosh direktor o‘rinbosari He Jush En boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Unda viloyat va Guandun provinsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy, turizm va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro ishonch ruhida kechgan muloqot yakunida kelgusida hamkorlikdagi yangi qo‘shma loyihalarni amalga tatbiq etishga kelishib olindi. Xitoylik mehmonlar viloyatga tashrifi davomida, shuningdek, “Peng-Sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining mahsulotlari va ishlab chiqarilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
* * *
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasining Guliston, Yangiyer shahar hamda Sirdaryo tumani bo‘lim mutaxassislari tez tayyorlanuvchi mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi.
Viloyatdagi 27 nafardan ziyod MCHJ hamda Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 48 nafar tadbirkorlarga tushuntirish berildi. Qo‘shni viloyatlardagi vaziyat fuqarolar orasida ovqatdan zaharlanish kabi noxush holatlar, kasallik keltirib chiqaruvchi omillar sanab o‘tildi. Soha xodimlari tomonidan tez tayyor bo‘luvchi mahsulotlar tarkibi ko‘zdan kechirilib, saqlanish holatlari, ishlab chiqarish vaqti, qadog‘i, tayyorlanish joyi va holati qat’iy nazorat etildi.
"Belgilangan tartib bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tmay faoliyat yuritgan 4 nafar mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Ko‘p yillardan buyon Guliston tumani “Chortoq” mahallasidan “Inoqlik” mahallasiga bog‘lab turuvchi mahalliy davlat ahamiyatdagi 4K651 avtomobil yo‘lining qatnov qismida yo‘l nosozligi tufayli avtomashinalar qatnovida muammolar bo‘lar edi. Ayni kunlarda bu muammo o‘z yechimini topmoqda. “Openbudget” ochiq byudjet portali orqali 2023 yil 1-bosqichida g‘olib bo‘lgan loyiha qiymati 1 milliard 361 million so‘m bo‘lgan “4K651 Chortoq – Beshbuloq avtomobil yo‘lining 6-9 km oralig‘i 3 km” masofadagi qismi PMK-128 pudratchi tashkilot tomonidan asfalt-beton yotqizilmoqda.Ushbu yo‘l ta’mirlash ishlariga 14 nafar ishchi kuchi va 6 ta maxsus texnikalar jalb qilingan.
* * *
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan rasmiy otinoyilar, xotin-qizlar targ‘ibot guruhi rahbarlari, a’zolari uchun “Individual psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlashning yo‘nalishlari va usullari” mavzusidagi o‘quv seminari tashkil etildi.
Shahar, tumanlar targ‘ibot guruhi rahbarlari, mahallalarda faoliyat yuritayotgan 105 nafar otinoyilar malakasini oshirish, ularni dunyoviy va diniy bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda hududlarda psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash, ularni jamiyatda o‘z o‘rnini topishda mahalla faollari va otinoyilarning roli muhimligi tushuntirildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA