Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:49 / 2023-08-14

Xitoy Xalq Respublikasining Yanlin yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi sanoat ko‘rgazma zonasi boshqaruv qo‘mitasi direktor o‘rinbosari Shi Gaolin boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga keldi.

Mehmonlar “Peng-Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi tarkibidagi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Uchrashuvlar chog‘ida o‘zaro hurmat va manfaat prinsiplariga asoslangan davlatlararo munosabatlar bugun yuksak darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Shuningdek, qishloq jo‘jaligida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.  

* * *  

Xovos tumanida berilayotgan imtiyozlar asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, undan yuqori daromadga erishayotgan sub’ektlar soni oshmoqda. Tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev 67 ming bosh parranda boqayotgan, shuningdek, tuman va viloyat bozorlarini go‘sht va tuxum mahsulotlari bilan ta’minlayotgan “Nurli istiqbol” fermer xo‘jaligi faoliyatini yaqindan o‘rgandi.  

Ma’lumki, parrandachilik chorvachilikning serdaromad tarmog‘i hisoblanadi. U xalqimizga ko‘plab sifatli parhez go‘shti yetkazib berishda katta ahamiyatga eta. Tuman rahbari mazkur joyning sharoitlarini ko‘zdan kechirib, tadbirkor faoliyatini ommalashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.  

* * *  

Viloyatda “Daraxtga nafas bering” aksiyasi davom etmoqda. Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan daraxtlarning tanasiga shikast yetkazayotgan har xil turdagi reklama bannerlar, yonuvchi maxsus yoritish moslamalari va ildiz qismidagi beton va asfalt qoplamalarni olib tashlash hamda daraxtlarni parvarishlash ishlari olib borilmoqda. Daraxtlarga ozor beradigan holatlar bo‘lmasligi uchun aholi orasida tushuntirish ishlari olib borildi. Bunday xayrli tadbirlar viloyatning barcha tumanlarida olib borilmoqda.  

* * *  

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 145-sonli qarori hamda “Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” bo‘yicha Respublika komissiyasining 2023 yil 2 martdagi kengaytirilgan yig‘ilishida topshiriqlar belgilangan.  

Guliston shahar Ahillik MFYda “Eng namunali mahalla” mavzusida Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasidan viloyatga biriktirilgan vakil E.Bayniyazov ishtirokida “Ayollar daftari” ga doir yuritilayotgan hujjatlarni o‘rganish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda viloyatning 239 ta mahallalaridan xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.  

* * *  

MIBning Sayxunobod tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 13.02.2023 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “B-M Kapital Biznes Time” MCHJ, qo‘shimcha qarzdor “Sayxunobod Non Kombinati” MCHJdan 233 333, 32 so‘m muddati kelmagan asosiy kredit qarzdorligini, 93 333, 32 so‘m muddati o‘tgan asosiy kredit qarzdorligi, 25 647 220, 08 so‘m muddati o‘tgan foiz qarzdorligini undirish hamda undiruvni garov mulkiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati 23.02.2023 yilda kelib tushgan.  

Byuroning Sayxunobod tumani bo‘limi ijro harakatlari davomida, garov mulki bo‘lgan qo‘shimcha qarzdor “Sayxunobod Non Kombinati” MCHJga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan Sayxunobod tumani “Guliston” mahallasi Orom ko‘chasi 134-uyda joylashgan umumiy maydoni 1220,33 kv.m bo‘lgan non kombinati xatlanib, auksion savdolariga qo‘yildi.  

Sh.Suyarov, O‘zA