Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sardoba tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalikning sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan 5 gektar yer maydonini xaridorga 18 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, 17.900 AQSH dollari va 1 million 150 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
*****
Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”,“Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” g‘oyalarini nikohlanuvchilarning ongiga singdirish va tatbiq etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 2020 yil 31 dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori yuqoridagi chora-tadbirlarning mantiqiy va uzviy davomidir.
Bu borada Sirdaryo viloyatida Oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari” tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. O‘tgan 7 oy mobaynida Sirdaryo viloyatida jami 481 nafar nikohlanuvchi yoshlarga oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish, oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalari o‘qitildi.
*****
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya tomonidan Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan seminarda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, Sirdaryo tumanidagi VJD xo‘jaliklararo kollektori suvini “Sho‘ruzak” tumanlararo kollektoriga yo‘naltirish ishlari davom etmoqda. Hozirda “O‘zbekiston” va I.Karimov nomli hududlardagi kollektorlarni rekonstruksiya qilishning uchinchi bosqich ishlari olib borilmoqda.
*****
Sirdaryoda test sinovlari yakunlandi: 6 nafar abituriyent qoidani buzdi, 1 170 nafari imtihonga kelmadi.
Kecha 11 avgust kuni Sirdaryo viloyatida 2023-2024 o‘quv yili uchun kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari yakunlandi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limining ma’lum qilishicha, test sinovlari uchun 1 530 ta o‘rin tayyorlanib, joriy yilning 1-11 avgust kunlari ikki smenada o‘tkazildi. Shu kunlari viloyat bo‘yicha jami test topshirishi belgilangan 33 367 nafar abituriyentdan 31 597 nafari testda ishtirok etdi, 1 170 nafari noma’lum sabablarga ko‘ra qatnashmadi. Shuningdek, 6 nafar abituriyent belgilangan tartib-qoidalarni buzganligi sababli imtihondan chetlashtirildi.
Test jarayonida xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida hududda 83 videokuzatuv kameralari orqali doimiy nazorat o‘rnatildi. Jarayonni onlayn tarzda test. 2023.sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratildi.
Sh.Suyarov,
O‘zA