English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
19:18 / 2023-07-26

-

Xovos tumani MIB tomonidan bola ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 6 nafar otaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olib borilgan ijro harakatlari davomida bola ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan 6 nafar otalarga nisbatan JKning 122-moddasiga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 31 nafar otalarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atib chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudiga yuborildi.

***

Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan AQSH elchixonasining O‘zbekistondagi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tomonidan “Gender zo‘ravonlikka javoban choralarni amalga oshiruvchi tashkilot va muassasalarning salohiyatini kuchaytirish orqali xotin-qizlarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilish"” loyihasi doirasida Guliston shahrida seminar-trening tashkil etildi.  

Trening ishtirokchilari gender zo‘ravonlikni belgilovchi asosiy tushunchalar, gender stereotiplari, gender zo‘ravonlik bo‘yicha milliy va xalqaro qonunchilik, standart operatsion ish tartiblari, jabrlanuvchi bilan ishlash tamoyillari bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.

***

Boyovut tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda tuman hokimi yordamchilarining tavsiya xati asosida ishsiz xotin-qizlarga o‘zini o‘zi band qilish uchun zamonaviy tikuv mashinalari berilmoqda. Tumanning “Ozodlik” mahallasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 3 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinalari berildi. Subsidiya asosida berilayotgan tikuv mashinalari ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlab, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirish imkonini beradi.

***

Komiljon Ernazarov Oqoltin tumani hokimi lavozimiga tayinlangach, “Yangi hayot” mahallasida fuqarolar bilan ilk marotaba sayyor qabul tashkil etdi. Qabul avvalida tuman hokimi Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi inson qadri va xalq farovonligiga qaratilgani, buni mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z kundalik hayotida his etayotganini ta’kidladi.  

Qabul davomida fuqarolar tomonidan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, tadbirkorlikka ko‘maklashish, ichki yo‘llar ta’miri, moddiy yordam, tibbiy xizmat hamda kadastr hujjatlari bilan bog‘liq masalalarda 15 dan ziyod murojaat kelib tushdi. Ko‘pgina muammolar joyida hal qilindi, huquqiy tushuntirishlar berildi. Bu kabi sayyor qabullar tumanning barcha mahallalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

***

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi viloyat boshqarmasi Sardoba tumani bo‘limi inspektorlari va tuman prokuraturasi hamkorligida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirda tumandagi “F.Xo‘jayev” SIU hududidan oqib o‘tuvchi “Janubiy Mirzacho‘l” kanali muhofaza zonasidan fuqaro J.D. tomonidan noqonuniy ravishda yer ustki unumdor qatlamini chim (g‘isht) qilib kesish, ortish va tashish bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Aniqlangan holat yuzasidan soha vakillari tomonidan huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda 3 million 300 ming so‘m jarima qo‘llanildi.

***

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida sun’iy qoplamali futbol maydonlari soni va aholini sport bilan qamrab olish darajasi ortmoqda. Bu kabi sport maydonlarini ko‘paytirish, mavjud va ta’mirga muhtojlarini rekonstruksiya qilish, bolalar va o‘smirlar uchun zamonaviy sharoitlarni yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Tumanning “Ma’naviyat” mahalla fuqarolar yig‘inida hozirga qadar sun’iy qoplamali sport maydoni yo‘q edi. “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2022 yilgi mavsumida mazkur mahalladagi 52-maktab hududida sun’iy qoplamali sport maydoni qurish taklifi ilgari surildi.

Muassasa jamoasi, mahalla ahli va ota-onalar faolligida ushbu tashabbus 3200 dan ziyod ovoz yig‘di va uni amalga oshirish uchun 1 milliard 150 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ayni kunlarda maskanda dastur doirasidagi qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda.  

Sh.Suyarov, O‘zA