Sardoba tumanining “Zomin” mahallasi hududidagi 2-sonli suv ko‘tarish nasos stansiyasi ob’ektida ayni kunlarda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.


Tumandagi “Birlik” va “Otayurt” mahallalari, Mirzaobod tumanining “Yo‘ldoshobod” va “Bahoriston” mahallalari hamda Oqoltin tumanining “Farg‘ona”, “Andijon” va “Bo‘ston” mahallalarida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida ob’ektda tozalash, tom qismini ochish va rezervuarni montaj qilish ishlari bajarilmoqda. Shu bilan bir qatorda 15 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini yangi qurish hisobiga xandaq qazish ishlari ham olib borilmoqda. Rekonstruksiya ishlari yakunlangach 22 400 nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanadi.
*****
Bojxona qo‘mitasi tuzilma boshliqlarining hududlarda o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlari davom etmoqda. Bojxona auditi boshqarmasi boshlig‘i U.Qosimov viloyatning Xovos tumanida yangi qurilgan elektr stansiyasi va “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” va “Sayxun” TIF bojxona postlari faoliyati bilan tanishdi.


Hududda loyiha qiymati 150 million AQSH dollar, quvvati 220 megavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyasi qurilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshlagan. Korxona tomonidan 2023 yilning 6 oyida qiymati 18,5 million. AQSH dollarlik asbob-uskunalar olib kelingan bo‘lib, bojxona to‘lovlaridan 31 milliard so‘m imtiyozlar qo‘llanildi. “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti tomonidan 2023 yilning 6 oyida 13772 bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.
*****
Yurtimizda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida aholi vakillari o‘z mahallasida infratuzilmalarni yaxshilash, maktablarni ta’mirlash, jihozlash hamda boshqa loyihalarga ovoz berish orqali mahalliy byudjetning bir qismini taqsimlashda faol ishtirok etmoqda.

Boyovut tumanida ham tashabbusli byudjet asosida olib borilayotgan ishlar hudud ijtimoiy va iqtisodiy holatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “O‘zbekiston” mahallasi aholisi loyihaning joriy yil birinchi mavsumida faol ishtirok etib, 8 700 ovoz bilan o‘z tashabbuslarining g‘oliblar qatoridan o‘rin olishiga erishdi. Bu esa ayrim ichki yo‘llarning ta’mirga muhtojligi, yozda chang, qishda loy bo‘lishidek mahalla aholisini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammoga yechim bo‘ldi.

Ayni kunlarda mahalladagi Boborahim Mashrab, Nastarin, Yo‘ldosh kabi ko‘chalarning 2500 metr qismida ta’mirlash va asfaltlash ishlari olib borilmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA.