Sirdaryolik “Zangori olov” iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berish “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti korxonasi tomonidan ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 6 oyi davomida viloyat aholisiga 7 826,16 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Dastlab gazni qayta ishlab chiqarish zavodlaridan suyultirilgan gaz 9 ta “MAN” rusumli maxsus avtotransportlar vositalari yordamida viloyat hududiga tashib keltirilib, keyin hududlardagi 3 ta gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali viloyat aholisiga maishiy gaz ballonlarida yetkazib berilmoqda. Bunda 21 ta o‘rta hajmli "ISUZU" va 1 ta sig‘imi 320 dona maishiy gaz ballonga mo‘ljallangan "CHAKMAN" rusumli avtotransport vositalari xizmat ko‘rsatmoqda.



***
Xovos tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tumanning “Sharqobod” mahallasida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan yoshlar va ularning ota-onalari, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan xotin-qizlar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari ishtirokida “Onalarga ehtirom” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi Noriniso Qosimova ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlar hamda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlar haqida gapirib, yoshlarga kelgusida vatanga sadoqat bilan xizmat qilish aslida eng katta saodat ekanligini ta’kidladi. Yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi munosib hissasi uchun bir guruh onalarga ehtirom ko‘rsatilib, ularga viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasining tashakkurnomalari, esdalik sovg‘alari va kitoblar topshirildi.


***
Viloyatning olis Oqoltin tumanidagi “Ko‘rkam diyor” mahallasida zamonaviy “Book cafe” ochildi. Unda eng sara va yangi chop etilgan adabiyotlarni sotib olish bilan birga, shu yerning o‘zida mutolaa qilish ham mumkin. E’tiborlisi, do‘konning o‘quv zali odatdagiga o‘xshamaydi. Ya’ni ushbu o‘ziga xos kafe-kutubxonada kitob o‘qish bilan birga kofe va salqin ichimliklar iste’mol qilish mumkin.
Tashabbuskor tadbirkor Murodjon O‘ljaboyevning aytishicha, bu yerda 3 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Hozircha ikki yuzdan ziyod adabiyotlar keltirilgan. Bepul Wi-Fi tizimi ham bor.


***
Turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Sirdaryo, Xovos tumani va Guliston shahar madaniyat va turizm bo‘limiga “Damas” maxsus avtotransport vositalari topshirildi
Sh.Suyarov, O‘zA.