Yoshlar yetakchilariga moddiy vositalar topshirildi. Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi 28 mahallalarda hozirgi kunda yoshlar yetakchilari samarali faoliyat olib bormoqda.
O‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar balansini shakllantirish, ularning bilim olishi va kasb-hunar egallashi, iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarishi, bandligini ta’minlashga ko‘maklashish yetakchilar faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.
Yoshlar yetakchilari uchun zarur sharoitlar yaratish mahalliy hokimliklarning doimiy e’tiborida. Shu maqsadda yoshlar yetakchilari uchun hokimlik tomonidan yana bir qulaylik yaratildi. Tumandagi barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilarga “Yoshlar oyligi” doirasida jami 260 million so‘mlik moddiy vositalar topshirildi. Ushbu vositalar sport inventarlari, kompyuter jamlanmalari hamda zamonaviy printer uskunalaridan iborat.


***
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba universal klasteri”ga qarashli Qo‘shchinor va Baxmal xo‘jaligida Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi bilan quvvati 20 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qurilish maydoni 20 gektarni tashkil etgan loyihaning umumiy qiymati 50 million AQSH dollariga teng. E’tiborli jihati, quyosh panellari orasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish mumkin. Ayni vaqtda kompaniya vakillari loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki hisob-kitob ishlarini olib bormoqda. Kelgusida viloyatda mazkur amaliyot bosqichma-bosqich tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Sh. Suyarov, O‘zA.