Sirdaryo viloyati prokurori Shohrux Aminov Boyovut tumani 2-sektor hududidagi “Ma’naviyat” mahallasida bo‘lib, aholi muammolarini o‘rgandi.
Hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari hamda profilaktika inspektorlari bilan uchrashib, aholi muammolari qay darajada o‘rganilayotgani, ishsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, chet davlatlardan qaytayotgan yoshlarni ro‘yxatga olib bandligini ta’minlash, uyushmagan yoshlarni sport tadbirlariga jalb qilish, jinoyatchilikning o‘sish darajasi va oilaviy ajrimlarni oldini olish, “Ma’naviyat” mahallasi “Nayman” ko‘chasidagi suv nasosini ishlatish, simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Viloyat prokurori tuman markazidagi dehqon bozorida sotilayotgan 20 turdagi maxsulotlarning narx-navosini o‘rgandi. Baliq, tovuq go‘shti va non mahsulotlarini ko‘paytirish, qolgan mahsulotlar narxini aholi uchun Ramazon kunlarida yanada arzonlashtirish zarurligini ta’kidladi.
****
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Sirdaryo viloyati hokimligi, Xalq qabulxonasi, viloyat va tuman FVB xodimlari hamkorligida Sirdaryo tumani "Sholikor" mahallasi hududidagi 3 gektar yer maydonida daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.


Tadbir davomida 1000 dona tol, 7 ming 840 dona terak qalamchalari hamda 1 ming 300 dona manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.Shuningdek, ko‘chat ekish davomida malakali mutaxasislar tomonidan terak ko‘chatlarini yetishtirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, kerakli tavsiyalar berildi. Tadbirda 150 nafardan ziyod FVB xodimlari ishtirok etdi.



*****
DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Xususan, “Farg‘ona-Sirdaryo” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Guliston shahrida yashovchi, 1991 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Jentra” rusumli avtomashina “Sayxunobod” YPX maskanida to‘xtatilib tekshirildi.

Unda 242 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi hamda mamlakatimizda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi 78 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1992 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning Guliston shahridagi yashash manzilidan 406 dona “Regapen” va 56 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sh. Suyarov,
O‘zA muxbiri