Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:51 / 2022-03-22

Sardoba tumanida 61 nafar fuqaroning mablag‘ini qo‘lga kiritgan sobiq bank xodimlari aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sardoba tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, AT “Xalq banki” Sardoba filiali sobiq xodimlari A.M., N.S., O.T. va boshqalar o‘zaro til biriktirib 54 nafar fuqaroning xabardorligisiz ular nomiga 1,2 milliard so‘m kredit ajratilishiga erishib, o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi, shuningdek, 7 nafar bank mijozlari tomonidan kredit qarzdorligini so‘ndirish maqsadida topshirilgan 18 million so‘m naqd pulni bank kassasiga kirim qilmasdan shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan. 
Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 


*****

O‘zbekiston Qahramoni Mirzaahmat Shoimov Shirin shahri yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 
Uchrashuvda Mirzaahmat Shoyimov yoshlik davri, mehnat faoliyati, hayotidagi unutilmas xotiralar, muammo va qiyinchiliklar haqida yoshlarga gapirib berdi.
–Mehnat faoliyatim davomida "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni, "O‘zbekiston energetika faxriysi", "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yillik" esdalik nishoni, hamda "Oltin Yulduz" medallariga loyiq ko‘rildim. Bu yutuqlar nafaqat menga, balki Sirdaryo IESida men bilan yelkama-yelka mehnat qilgan hamkasblarimning ham mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman, – dedi O‘zbekiston Qahramoni. –Aziz farzandlarim, doimo bilim olib, mehnat qilishdan hech qachon qochmang. Halol mehnatingiz, kun kelib hayratlanarli natijalar beradi.
Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Qahramoni Mirzaahmat Shoimov  yoshlarga badiiy adabiyotlar tuhfa etdi.

*****

Departament hamda DXX xodimlari subsidiya asosida Guliston tumani "Yulduz" mahallasidan uy olib berishni va’da qilgan firibgarni qo‘lga oldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Sirdaryo tumani bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro P.Y. firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, fuqaro Sh.Gga Guliston tumani, "Yulduz" mahallasi hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birini hokimiyatda ishlovchi tanishlari orqali imtiyozli ravishda subsidiya asosida olib berishini aytib, evaziga 400 AQSH dollari talab qilib, olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

*****

Shirin shahrida "Mahalla-ma’naviyat qo‘rg‘oni" festivali o‘tkazildi. Festival doirasida turli millatlarning urf-odatlari va an’analariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 
Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi, ularni milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz, boy ma’naviy-tarixiy merosimiz asosida tarbiyalash davlat siyosati darajasidagi muhim masala ekanligini ta’kidladi. 
Tadbir davomida shahar hokimi fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 5 nafar o‘quvchi yoshlarni taqdirladi.
Festival davomida arqon tortish, tosh ko‘tarish, varrak uchirish, topib tep kabi milliy xalq o‘yinlari va boshqa turli sport musobaqalari o‘tkazildi.


*****

Sardoba tumanidagi "Ravot" mahallasida “XUMO” to‘lov tizimida ishlaydigan bankomat o‘rnatildi. 
Navro‘z bayrami arafasida Markaziy bank Sirdaryo viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Valijon To‘rayev Sardoba tumanidagi “Ravot” mahallasida sayyor qabul o‘tkazgan edi. Mazkur tadbirda mahalladagi bir guruh otaxonlar  plastik kartochkadagi pensiya pullarini naqdlashtirish uchun bankomat o‘rnatib berishni so‘ragan edi. Viloyat Markaziy banki bosh boshqarmasi boshlig‘i sayyor qabulning o‘zidayoq Xalq banki viloyat boshqarmasi rahbariga ushbu masala yuzasidan topshiriq berdi.
    Topshiriqqa binoan, “Xalq banki” ATB Sardoba filiali tomonidan zudlik bilan Ravot mahallasi binosiga “XUMO” to‘lov tizimida ishlovchi bankomat o‘rnatildi. Endi mahalla ahli o‘z plastik kartalaridagi pul mablag‘larini tuman markaziga borib o‘tirmay o‘zlarining mahallasida yangi o‘rnatilgan bankomatdan naqdlashtirib oladigan bo‘ldi.

Sh.Suyarov,
O‘zA muxbiri