Sirdaryo viloyatida SOVID-19ga qarshi xodimlarning emlanganligi bo‘yicha nazorat tadbirlari kuchaytirildi.
Epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash hamda koronavirusga qarshi emlash ishlarini kuchaytirish maqsadida viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruhlar tomonidan 521 ta tadbirkorlik sub’ekti, 1 606 ta byudjet tashkilotlarida tekshiruvlar o‘tkazildi.
Natijada tadbirkorlik sub’ektlarining 596 nafar, byudjet tashkilotlarining 1 631 nafar xodimi vaksina olmagani aniqlandi. Vaksina olmagan 945 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 172 nafar fuqaroga jarimalar qo‘llanildi, 19 ta ob’ektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.
Pazandachilik sirlari o‘rgatilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Jahon bankining “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash” loyihasi doirasida Guliston shahar "Ishga marhamat" monomarkazida belgilangan reja-jadval asosida oshpazlik va qandolatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha Turkiya davlatidan kelgan malakali mutaxassislar sirdaryolik xotin-qizlarga "Oshpazlik san’ati" mahorat darslarini o‘tmoqda.

Ular sog‘ligiga befarq emas
IIV Sirdaryo akademik litseyi 1-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida emlash jarayonlari amalga oshirilmoqda. Ular "Pfizer" vaksinasi bilan emlanmoqda.

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
Sud organlari xodimlari ishtirokida muloqot tashkil etildi.
Sirdaryo viloyati sudida hozirgi kunda 50 nafar sudya va 221 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ochiq muloqotda jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari, xodimlari hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga Sudyalar oliy kengashi buyurtmasi asosida suratga olingan “Farzand omonat” va “Ota” nomli qisqa metrajli filmlar namoyish etildi.

24 nafar cirdaryolik yigit ishlash uchun Rossiyaga jo‘nab ketdi
Pilot loyiha doirasida respublikamiz bo‘ylab Rossiya Federatsiyasining qator yirik ish beruvchi tashkilotlari bo‘sh ish o‘rinlari uchun tashkil etilgan tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 24 nafar sirdaryolik ishlash uchun Amur viloyatiga jo‘nab ketdi.
Rossiya Federatsiyasida qurilish sohasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tanlov jarayonlari davom etmoqda.

Bojxona xizmati xodimlari kuni
O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati xodimlari kuni munosabati bilan viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan bir qator madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi. “Inson o‘zing” spektakli namoyishiga soha xodimlari va ularning oila a’zolari taklif qilindi.

Sh.Suyarov,F.Toshmatov (surat), O‘zA