Turkiya davlatining “Sempo Textile” kompaniyasi vakillari bilan muloqot natijasida viloyat hududida ishlab chiqariladigan ip-kalava mahsulotini sotib olish bo‘yicha takliflar berildi.
Natijada “Sampo Textile” kompaniyasi direktori viloyatga tashrif buyurib, berilgan takliflar bo‘yicha Guliston shahridagi “Mili Guliston Textile” MCHJ hamda Mirzaobod tumanidagi “Guliston Gold Yarn” MCHJlarga tashrif buyurdi va ip-kalava mahsulotlari sotib olish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Shartnomalar natijasida Turkiya davlatiga har oyda o‘rtacha 2,0 mln. dollarlik 500 tonna qo‘shimcha ip-kalava eksporti amalga oshiriladi.
* * *
Guliston tumanida viloyatda yagona bo‘lgan usti yopiq mini futbol maydonchasi qurilmoqda.
Yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida yirik tadbirkorlardan biri "Orol ne’matlari" fermer xo‘jaligi rahbari B.Begmatov o‘z mablag‘i va bank krediti hisobidan viloyatda yagona bo‘lgan usti yopiq mini futbol maydonchasini tuman markaziga kirish qismidagi bo‘sh yer maydonida barpo etmoqda.
Yangidan barpo qilinayotgan qariyb 1,0 mlrd. so‘mga yaqin bo‘lgan mablag‘ sarf etilishi rejalashtirilgan ushbu yopiq sun’iy qoplamali sport maydonchasi atrofida stol tennisi hamda fitnes mashg‘ulotlari xonasi, yuvinish xonalari ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
* * *
Yangiyer shahar “Yuksalish” mahallasiga 2 dona quvvati 160 kVA bo‘lgan yangi transformatorlar o‘rnatildi.
“Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Davlat dasturlari ijrosi doirasida elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 2022 yilgi dastur bo‘yicha Yangiyer shahrida ish jarayonlari boshlangan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish maqsadida Yangiyer shahridagi “Yuksalish” mahallasida 1 km 400 metr masofaga yangi havo tarmog‘i qurish ishlari olib borildi. Shuningdek 2 dona quvvati 160 kVA bo‘lgan transformator o‘rnatildi.
“Yuksalish” mahallasidagi aholi xonadonlariga yangi tarmoqlar orqali sifatli elektr energiyasi kirib boradigan bo‘ldi.
* * *
Mirzaobod tumanidan og‘ir hudud deb tanlab olingan Oqoltin mahallasi 2022 yilda «Og‘ir hudud» ro‘yxatidan chiqariladi.
Mirzaobod tumani 3-sektor hududida og‘ir toifaga kirgan "Oqoltin" mahallasida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
2022 yil og‘ir hududga kiritilgan Oqoltin mahallasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar keng muhokama qilinib, mahalla nuroniylarining fikr va takliflari eshitildi.
Shundan so‘ng, qabulda ishtirok etayotgan fuqarolardan o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan 11 ta murojaat qabul qilindi. Ushbu murojaatlarning asosiy qismi ish bilan ta’minlash, kredit, ichimlik hamda tomorqa uchun oqar suv bilan ta’minlash masalalariga to‘g‘ri kelib, mazkur murojaatlarning 4 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 7 ta murojaat yuzasidan hal etish uchun tegishli tashkilot va korxona mutassadilariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Shirin shahar hokimi, 1- sektor rahbari Sarvar Sultonov Nurobod mahallasida aholi hamda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda fuqarolar tomonidan ishga joylashish, moddiy yordam kabi masalalarda murojaatlar qabul qilingan bo‘lsa, yoshlar tomonidan asosan, subsidiya, tadbirkorlik, kredit olish yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Subsidiya olish istagini bildirgan yoshlarga huquqiy ko‘mak berilib, ularga ham subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.
Aholi tomonidan bildirilgan murojaatlarning aksariyati muddat talab qilinganligi bois nazoratga olindi.
* * *
Ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan, “Ayollar” va “Temir” daftar ro‘yxatiga kiritilgan yangiyerlik 12 nafar ayolga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Yangiyer shahar bo‘linmasi huzurida ochilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan yordam ko‘rsatildi.
Ayollarga zamonaviy, yengil va ixcham, eng so‘ngi rusumdagi tikuv mashinalari berildi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA