Sardoba tumani "Birlik" mahalla fuqarolar yig‘iniga 5 dona yangi transformator punkti o‘rnatildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturi ijrosi doirasida Sardoba tumani elektr ta’minoti korxonasi ishchi xodimlari tomonidan aholini sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida, tumandagi “Birlik” MFYga 2 dona 100 kVA, 160 kVA, 1 dona 250 kVA va yana 1 dona 400 kVA quvvatga ega bo‘lgan yangi transformator punktlari o‘rnatildi.
Natijada 500 dan ortiq aholi xonadoniga yanada sifatli elektr energiyasi kirib boradigan bo‘ldi.
*
Sirdaryo tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 32 nafariga aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” tomonidan kredit ajratilib, ishsiz ayollar, tikuvchilik, qandolatchilik, issiqxona tashkil qilish orqali o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshladi.
Tuman markazida aynan shu ayollar tomonidan tayyorlagan mahsulotlari namoyishi tashkil etildi.
Tadbir davomida ishsiz xotin-qizlar uchun tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.
*
Joriy yilning 6 may kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy tillarni o‘rganish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, xalqaro hamkorlik aloqalari kun sayin kengayishi ushbu masalaning dolzarbligini yanada oshirayotgani haqida alohida to‘xtalgan edi.
Videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil 1 iyulidan boshlab, davlat organlarida ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marta xodimlarni xorijiy tilga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan edi.
Shu bois Xovos tumani hokimligi xodimlari va tuman tashkiloti rahbarlari ingliz tili fanini o‘zlashtirishni boshladi.
*
“Yoshlar oyligi”da rejalashtirilgan tadbirlar doirasida Boyovut tumanining sportchi yoshlari o‘rtasida velomarafon musobaqasi o‘tkazildi.
Poygaga tumandagi “Istiqlol” hamda “Markaz” mahalla fuqarolar yig‘inining kirish qismida start berildi. Ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan ushbu musobaqa bayramga aylanib ketdi.
“Yoshlar oyligi”ning keyingi kunlarida ham qiziqarli bayram-tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
*
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni IT sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “IT-Park” Sirdaryo filialida viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda “Istiqbolli IT-loyihalar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘rik-tanlovni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida erishgan natijalari va amalga oshirayotgan loyihalarini namoyish etish va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tadbirda iqtidorli yoshlar tomonidan ijtimoiy soha, ta’lim, elektron tijorat, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi IT loyihalar taqdim etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan yoshlarga o‘z loyihalarini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tanlov g‘olib va sovrindorlariga viloyat hokimining qimmatbaho sovg‘alari va sertifikatlari topshirildi.
*
Iyun oyida yurtimizning barcha hududlarida tashkil etiladigan “Yoshlar oyligi” tadbirlari doirasida Guliston shahrida ham turli tadbirlar va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Guliston shahar 2-sonli musiqa va san’at maktabida maktab, kollej bitiruvchi sinf o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlar ishtirokida yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash va ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida vatanparvarlikni targ‘ib etuvchi “Men terrorchi emasman” deb nomlangan film premerasi namoyish etildi.
*
Yangiyer shahrida “Yoshlar oyligi” doirasida yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida “"Vatan taqdiri – mening taqdirimda” mavzusida o‘quv seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbir Yangiyer shahar adliya bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi shahar bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi shahar kengashi va bir qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Seminar-treningda shaharning 30 nafardan ortiq faol yoshlari ishtirok etdi. Tadbir davomida adliya bo‘limi xodimlari tomonidan huquqiy targ‘ibotni yanada yuksaltirishga qaratilgan bir necha yangi loyihalar ishlab chiqilganligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA