Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
21:37 / 2021-05-22

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi hamda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosi doirasida maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida Guliston shahridagi umumta’lim maktablariga tikuv mashinalari olib berilmoqda.

Respublika “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘i hisobidan Guliston shahridagi umumta’lim maktablariga taqdim etilgan tikuv mashinalarida o‘quvchi qizlar, bo‘sh vaqtlarida ustozlaridan bichuv-tikuv sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda.

***

Sardoba tumanidagi 9-son bolalar musiqa va san’at maktabida 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilarining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyatdagi mavjud barcha bolalar musiqa va san’at maktablarining rahbarlari va shu maktab o‘quvchilarining ota-onalari ishtirok etdi. Sardobalik o‘quvchilarning hisobot konsert dasturlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

***

Markaziy bank Sirdaryo viloyat hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Valijon To‘rayev Mirzaobod tumanidagi Navbahor mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabulini o‘tkazdi.

Sayyor qabul davomida bugungi kunda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlikni boshlash va uni rivojlantirish, ishsiz bo‘lgan aholi bandligini ta’minlash borasida yaratilgan shart-sharoitlar va ajratilayotgan imtiyozli kreditlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi va fuqarolarning muammolari muhokama qilindi.

Qabul davomida yigirmadan ortiq ko‘tarilgan murojaatning asosiy qismi joyida hal etilgan bo‘lsa, 2 nafar murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi. O‘rganish vaqt talab qilingan 5 ta murojaatning yechimini topish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, aniq chora-tadbirlar va muddat belgilab olindi.

***

Guliston shahrida Davlat test markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i va xodimlari 32 nafar sirdaryolik yoshga chet tilini bilish va egallash darajasi milliy sertifikatini topshirdi.

Prezidentimizning 2020 yil 3 dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi doirasida Davlat test markazi tomonidan chet tilini bilish va egallash darajasi milliy sertifikati uchun joriy yilning mart va aprel oylarida bo‘lib o‘tgan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 5 nafar Guliston davlat universiteti qoshidagi akademik litseyi bitiruvchi kurs o‘quvchilari va yana 27 nafar talabgor sertifikat olish huquqini qo‘lga kiritgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, V2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lgan ushbu sertifikat sohiblariga davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tegishli chet tili fanidan maksimall ball beriladi.

***

Sayxunobod tumani hokimi Farrux O‘ktamjonov, Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri Sh.Yunusaliyev, sektorlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari navbatdagi sayyor qabul o‘tkazdi

Salkam to‘rt soat davom etgan qabulda yuz nafardan ortiq fuqaro qabul qilinib, ular tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha o‘rganildi.

Ushbu murojaatlarning 65 foizi joyida ijobiy hal etildi. 8 nafar murojaatchiga huquqiy maslahatlar berilgan bo‘lsa, 2 nafar murojaat tegishli manzilga yo‘llandi. Qolgan murojaatlar vaqt talab etganligi bois, tegishli tashkilot rahbarlariga ko‘rsatmalar berilib, ijrosi tuman hokimining shaxsan nazoratiga olindi.

***

Yangiyer shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida bevosita tadbirkorlik sub’ektlari huzuriga borib, ularning muammolarini hal etishda amaliy yordam bermoqda.

Xususan, yosh tadbirkor Muzrob Raximovning biznes rejasi xodimlar tomonidan o‘rganib chiqildi va tadbirkor uchun shahardagi “Dehqon bozori” hududidan savdo kompleksida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijaraga savdo do‘koni va imtiyozli kredit olishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Ushbu yordam samarasida tadbirkor ishlab chiqarish sexi va savdo do‘konini yo‘lga qo‘yib, yangiyerlik 10 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minladi.

***

Shirin shahrida aholini sog‘lom turmush tarzi va sportga keng jalb qilish maqsadida bolalar-o‘smirlar sport maktabi zalida estafeta sport tadbirlari va g‘azalxonlik bellashuvi tashkil etildi.

Estafeta musobaqasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash shahar bo‘limi xodimlari, shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning o‘rinbosarlari “Quvnoq startlar” shartlari, arqon tortish va boshqa aralash sport turlari bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etgan bo‘lsa, g‘azalxonlik kechasida adabiyotsevar MFY xodimlarining o‘zbek she’riyatidagi bilim darjalari sinovdan o‘tkazildi.

G‘olib va sovrindorlar shahar hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash shahar bo‘limining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA