Boyovutda tumandagi "Sovotobod"," Ma’naviyat" hamda "Farhod" mahalla fuqarolar yig‘inlariga idora binosi qurish uchun yer maydoni tegishli mutaxassislar tomonidan o‘lchab berildi.
Tuman hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu ajratilgan joyda zamonaviy idora binolarining o‘ziga xos ansambli tashkil etilib, unda sartaroshxona, poyabzal ta’miri, tikuvchilik sexi, novvoyxona, oziq-ovqat do‘koni va shunga o‘xshash o‘nga yaqin maishiy xizmat shoxobchalari mujassamlashadi.
*
Oqoltin tumani favqulodda vaziyatlar hamda xalq ta’limi bo‘limlari hamkorligida hududdagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Favqulodda vaziyatlar va ularning turlari hamda bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish tartibini bilasizmi?” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.
Dars davomida o‘quvchilar favqulodda vaziyatlar va ularning turlari, bunday vaziyatlarda xabar berish va harakat qilish tartiblarini o‘rganish bilan bir qatorda, yong‘in sodir bo‘lganda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari va ularni ishlata bilish ko‘nikmalarini ham shakllantirdi.
*
Xovos tumani hokimi Uchqun Kamolov tumandagi investitsion loyihalarni ko‘zdan kechirish uchun yo‘lga chiqqanligiga qaramay, garchi qabul kuni bo‘lmasa-da, yo‘l ustida unga murojaat qilish maqsadida kutib turgan fuqarolarning murojaatlarini tingladi.
Shu joyning o‘zida 4 ta murojaatdan 3 tasi tegishli o‘rinbosarlarga vazifa sifatida yuklanib ijrosi nazoratga olingan bo‘lsa, bildirilgan 1 ta murojaat bo‘yicha tuman hokimligi, tuman prokuraturasi adliya va tuman ichki ishlar bo‘limlari tomonidan ishchi guruh tuzilib, holatni to‘liq o‘rganib chiqish belgilandi.
*
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Mirzaobod tuman kengashi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi, musiqa va san’at maktabi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida umumta’lim maktablaridagi ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida – maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Unda Mirzaobod tuman 1-IIDUMIning “Quvnoq hayot – Happy life” jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Mirzaobod kasb-hunar maktabining “Eksklyuziv” hamda 8-sonli umumta’lim maktabining “Pozitiv” jamolari esa 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
G‘olib, sovrindor va faol ishtirokchilar hamkor tashkilotlarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
*
Guliston davlat universitetida bir necha kun davom etgan “O‘zbekiston uchun – 100 g‘oya” loyihasi bo‘yicha ko‘rik-tanlovining 1-bosqichi nihoyasiga yetdi.
Unda talabalar tomonidan. jami 116 ta g‘oya tayyorlanib, ana shu g‘oyalar ichidan saralab olingan 6 nafar talabaning g‘oyalari tanlov g‘olibi deb topildi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan. talabalarga universitet rektori tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
*
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yangiyer shahar axborot-kutubxona markazi tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi shahar kengashi hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Zukko kitobxon” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov yakunida “Eng zukko kitobxon o‘quvchi” va “Eng yaxshi kitobxon maktab” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarga tashkilotchilarning faxriy yorliq hamda “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan kitoblar to‘plami topshirildi.
*
Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining hududiy tuman va shahar bo‘limlari xodimlari tomonidan chorshanba – favqulodda vaziyatlar profilaktikasi kuni doirasida 21 ta davlat tasarrufidagi ob’ektlarida va 13 ta tadbirkorlik sub’ektlarida faoliyat olib boruvchi jami 650 nafardan ortiq fuqaro bilan turli mavzularda favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida tushuntirish-targ‘ibot profilaktika tadbirlari hamda texnikalar namoyishi o‘tkazildi.
Jumladan, Oqoltin tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktab jamoasi bilan “Zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish tartiblari” mavzusida profilaktika tadbiri o‘tkazilgan bo‘lsa, Shirin shahridagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachi va texnik xodimlari bilan “Yong‘inning oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati hududlarda o‘tkazilgan barcha profilaktika tadbirlarida fuqarolar faol ishtirok etganligini ma’lum qildi.
A.Qayumov,
F.Toshmatov(surat), O‘zA