English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:57 / 2021-03-31

Joriy yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimizda juda katta ijtimoiy-siyosiy voqea – Prezident saylovi bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan Guliston davlat universitetida saylovga tayyorgarlik bo‘yicha 3-patok o‘qishlari boshlandi.

Ushbu o‘quvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nodira Djanibekova, GulDU professori Ravshanbek Mahmudov, iqtisodiyot kafedrasi mudiri Akmal Abduvohidov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Amaliddin Sulaymonov tinglovchilarga qonunchilikning mazmun-mohiyati, saylovlar yuzasidan ma’ruzalar o‘qimoqda.

2021 yilning 29 martidan 11 apreligacha davom etadigan ushbu o‘quvda mahalliy Kengashlarga «Adolat» SDP, «Milliy tiklanish», «O‘zLiDeP» partiyalaridan saylangan deputatlar hamda partiyalar faollari ishtirok etmoqda.

***

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Sirdaryo tuman kengashi shu hududdagi «Ayollar daftari»ga kiritilgan 84 nafar xotin-qiz xonadonlarida bo‘lib, tomorqalarining holatini o‘rgandi.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 84 ta oilaga, jami 475 tup olma, o‘rik, shaftoli, nok, tut va boshqa mevali daraxt ko‘chatlari hamda sabzavot urug‘lari yetkazib berildi. Ushbu xonadon egalari bilan birgalikda tomorqa yerlari chopilib, sabzavot urug‘lari ekildi va daraxt ko‘chatlari qadaldi.

Shuningdek, ushbu tumanda «Qizlar odobi targ‘ibotchisi» tanlovining tuman bosqichi o‘tkazilib, unda davlat idoralari va jamoat tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan va tahsil olayotgan 20 nafar xotin-qiz ishtirok etdi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Sirdaryo agrotexnologiya texnikumi o‘quvchisi Dilfuza Qudratova qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin tumandagi «Muruvvat uyi» ma’naviyatchisi Shahnoza Fayziyevaga va 3-o‘rin 9-umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Sevara Isakovaga nasib etdi.

***

Yosh oilalarga xalqimizning eng qadimiy qadriyatlari, urf-odatlari, udumlaridan biri bo‘lgan alla aytish san’atini o‘rgatish, yoshlarga xalq og‘zaki ijodiyoti zamirida yotgan o‘zbek onasi ma’naviyatini yetkazish, ushbu meros orqali o‘zligimizni bugungi yoshlar ongiga yanada chuqurroq singdirish maqsadida «Alla aytgan yetar murodga» respublika ko‘rik-tanlovining Boyovut tumani bosqichi o‘tkazildi.

Tuman madaniyat bo‘limi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limi homkorligida o‘tkazilgan ushbu tanlovda hududdagi barcha mahallalardan havaskor ijrochilar ishtirok etdi.

 

Tanlovda Ijodkor mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Jamilaxon Usmonova birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

***

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida Xovos tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir tuman hokimligi, madaniyat bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda ko‘zi ojizlar jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirda ko‘zi ojizlar jamiyati, tuman madaniyat bo‘limi hamda 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasining havaskor xonandalari, sozanda va raqqosalari tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslari, tumandagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan tuzilgan «Yoshlar teatr studiyasi»ning sahna chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

***

Sirdaryo viloyati byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash Mirzaobod tuman bo‘limlari tomonidan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari hamda ularning o‘rinbosarlariga Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 martdagi «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda Pensiya jamg‘armasi Mirzaobod tuman bo‘limi boshlig‘i A.Qosimov hamda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi bosh mutaxassisi G‘.Usmonov yig‘ilganlarga qarorning mazmun-mohiyati bo‘yicha to‘liq tushuntirishlar berdi.

***

«Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili davlat dasturi» ijrosini ta’minlash maqsadida Shirin shahrida 2007-2008 hamda 2009-2010 yillarda tug‘ilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida sportning boks turi bo‘yicha shahar Bolalar-o‘smirlar sport maktabining ochiq birinchiligi tashkil etildi.

Musobaqa – Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash, bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiya va sportga yanada kengroq jalb etish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, boks sport turini aholi va yoshlar o‘rtasida ommalashtirish va uni yanada rivojlantirish, Sirdaryo viloyatida ushbu sport turi bo‘yicha sportchilarning mahorat darajalarini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 140 nafar yosh bokschi g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.

Murosasiz va qiziqarli janglarga boy bo‘lgan ushbu musobaqada umumjamoa hisobida 1-o‘rin Shirin shahri, 2-o‘rin Jizzax viloyati va 3-o‘rin Yangiyer shahar bolalar va o‘smirlar boks jamoalariga nasib etdi.

Shuningdek, bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan kelgan yosh bokschilar ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.

***

Guliston shahar Olimpiya zaxiralari kollejida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 30 dekabrdagi «Parlament o‘yinlari sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati hamda tuman va shahar Kengashlari deputatlari o‘rtasida «Oliy Majlis Senati raisi Kubogi» uchun, erkaklar mini-futbol, ayollar badminton sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Mini-futbol bahslarida 1-o‘rin Boyovut tumani deputatlaridan tashkil topgan erkaklar jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, Guliston tumani deputatlari jamoasi 2-, Sirdaryo tumani deputatlaridan tuzilgan jamoa 3-o‘rinni egalladi.

Ayol deputatlar o‘rtasidagi badminton bahslari ham qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Unda barcha raqibalarini mag‘lub etgan Guliston tuman Kengashi deputati Gulnora Mamasoliyeva mutlaq g‘olib, deb e’tirof etildi. 2- va 3-o‘rinlarni mos ravishda Sardoba tuman Kengashi deputati Nodira Boboqulova hamda Guliston shahar Kengashi deputati Nargiza Xudoyberdiyeva egalladi.

 

A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA