Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov boshchiligidagi tuman, shahar sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlaridan iborat delegatsiya o‘zaro tajriba almashish uchun Toshket shahriga tashrif buyurdi.
Poytaxtdagi yangilanish, o‘zgarish, bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari, ishlab chiqarish korxonalaridagi ish jarayoni, sohalarga joriy etilayotgan yangi inovatsion texnologiyalar bilan tanishdi.
Sirdaryolik rahbarlar bo‘lgan zamonaviy innovatsiya texnoparki Prezidentimizning 2017 yil 5 iyundagi “Toshkent shahrining Yashnobod tumanida innovatsiya texnoparkini tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yuqori texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy-texnologik va innovatsiya tadbirkorligining barqaror rivojlanishini ta’minlash, kichik innovatsiya korxonalarini tashkil etish, milliy va xorijiy bozorlarda raqobatdosh, ilmiy-hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarishni va yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish uchun qulay muhit shakllantirish maqsadida tashkil etilganligini alohida ta’kidlash lozim.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Chilonzor tumani hokimligida ham bo‘lib, aholi bilan ishlashning mahallabay tizimi haqidagi Chilonzor tajribasini o‘rganishdi.
Ushbu tashrif Sirdaryo viloyati rahbarlarida chuqur taassurot qoldirdi.

*********************
Mirzaobod tumani soliq inspeksiyasi jamoasi o‘rnak olsa arziydigan tashabbus bilan chiqdi. Jamoa a’zolari har yili jamoaviy o‘tkaziladigan yangi yil bayram tadbiriga ketadigan mablag‘ni xayrli ishga sarfladi.
Tuman soliqchilari yig‘ilgan bu mablag‘ga 4-sektor hududida yashovchi kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ko‘p farzandli, nogironligi bo‘lgan 40 ta oilaning har biriga 10 turdagi oziq-ovqat, shirinlik va kundalik ehtiyoj mahsulotlari joylangan yangi yil sovg‘asini hadya qildi.
– Pandemiya boshlangandan buyon, tuman soliq inspeksiyasini boshlig‘i, biz yashaydigan 4-sektor rahbari Doniyor Jumayev ana shunday xayrli ishlarni har bayramda kanda qilmay amalga oshirib kelmoqda, – deydi tumandagi Tinchlik mahallasida yashovchi O‘rozali ota Risboyev. – Mana endi Yangi yil dasturxonimiz ham to‘kin, bayram sovg‘asini olgan nabiralarimiz ham xursand. Ana shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizga ming rahmat.

******************
Xovos tumanidagi Sohibkor mahallasida Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida Soxibkor, Qayirma, Nurli kelajak va Qoraqum mahallalarida sayyor qabul o‘tkazildi.
Yangi yil arafasida o‘tgan sayyor qabul chog‘ida fuqarolar tomonidan, bandlik, tibbiy xizmat sifati, nafaqa pullari, mahalla ko‘chalariga tosh-shag‘al yotqizish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi. Quvonarlisi, aholi tomonidan ko‘tarilgan ushbu murojaatlarning 60 foizi joyida o‘z yechimini topdi. Murojaat qilganlarning 10 foiziga huquqiy maslahatlar berildi. Yechimi vaqt va o‘rganish talab qilgan masalalar yuzasidan tuman hokimi Uchqun Kamolov sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar rahbarlari zimmasiga tegishli topshiriqlarni yuklab, ijrosini o‘zi shaxsan nazorat qilishini ta’kidladi.
********************
Boyovut tuman hokimining o‘rinbosari Narzullo Xudoynazarov boshchiligidagi kompleks tashkilotlar xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhn ham navbatdagi sayyor qabulni tumandagi Boboyurt mahallasida o‘tkazdi.
Unda sayyor qabulga kelgan fuqarolar tomonidan, mahalladagi tabiiy gaz tarmog‘ini tartibga keltirish, ayrim joylarda ekin maydonlari hududidan olib o‘tilgan gaz tarmoq quvurlarini belgilangan joyga ko‘chirish, yangi uy-joylar qurilgan ko‘chalarni joriy ta’mirlash kabi masalalar joyida o‘z yechimini topgani tahsinga loyiq.
Jumladan, Boboyurt mahallasidagi “Qumqo‘rg‘on” ko‘chasi va unga yondosh bo‘lgan yana to‘rtta ko‘chaga tosh-shag‘al yotqaziladi. Shu ko‘cha fuqarolari xonadonlariga yo‘naltirilgan tabiiy gaz quvurlari esa ekin maydonidan belgilangan hududga ko‘chirilishi ishlariga kirishildi.
Shu mahalladagi fuqaro tomonidan ko‘chaga noqonuniy tarzda qurilgan devor to‘siq olib tashlanib, oldindan mavjud bo‘lgan oraliq ko‘cha ochildi.
***********************
Ichki ishlar organlari xodimlarni ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilasini o‘rganish, yashash turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan bir qator amaliy tadbirlar bilan birgalikda xodimlar va ularning oila a’zolarini ma’naviy ozuqlantirish maqsadida Sirdaryo viloyatida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi yil arafasida qardosh qirg‘iz xalqining buyuk adibi Chingiz Aymatovning “Sarviqomat dilbarim” nomli asari asosida ilk bora Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining serqirra ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan spektaklning premerasi viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari va ularning oila a’zolari uchun Yangi yil bayrami sovg‘asi sifatida namoyish etildi.

************************
Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etib kelinayotgan “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali mamlakat miqyosida yangi iste’dodlarni kashf etib, ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
San’at va adabiyotning barcha yo‘nalishilarini o‘zida qamrab olgan festivalning dastlabki ishtirokchilari bugun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti hamda “Nihol” mukofoti sovrindori bo‘lgan.
Tumandagi 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Yoshlar festivali” haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovida ham 14 yoshgacha bo‘lgan 30 nafardan oshiq yosh iste’dod egalari ishtirok etib, o‘z imkoniyat va mahoratini namoyon etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

**************************
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan uch bosqichli “Eng faol huquqiy targ‘ibotchi” tanlovi o‘tkazildi.
Ilk bosqichda 90 nafar talabgorlar o‘z hududlarida amalga oshirgan targ‘ibot ishlari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi. Ular orasidan saralangan 30 nafar nomzod tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning ikkinchi bosqichida test savollari orqali yuriskonsultlarning huquqiy bilimlari sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, uchinchi bosqich yakka tartibdagi suhbat asosida o‘tkazildi va unda ishtirokchilarning bilimi, notiqlik san’ati va hozirjavob-bilimdonligi sinab ko‘rildi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra,“Eng faol huquqiy targ‘ibotchi” tanlovining g‘olibi deb, Guliston shahar xalq ta’limi bo‘limi yuriskonsulti Hilola Sulaymonbekova topildi. 2-o‘rin Mirzaobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi yuriskonsulti Shavkat Akramovga, 3-o‘rin esa Sirdaryo viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi bosh yuriskonsulti Zoir Qayumovga nasib etdi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA