Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari I.Djurayev joriy yildagi Davlat dasturlari asosida umumta’limi maktablarida olib borilayotgan ta’mirlash, qurilish ishlari hamda qish mavsumining maktablardagi holati bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, suv toshqinidan zarar ko‘rgan Sardoba tumanida yangidan bunyod etilayotgan maktab qurilishi bilan yaqindan tanishdi.
Vazir o‘rinbosari ushbu ob’ektni o‘rganish jarayonida, pudratchi tashkilot rahbariga maktabni qurib bitkazishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik, barcha ishlarni sifatli va mukammal ado etish, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga esa ushbu yangi maktab o‘quvchilari vaqtinchalik ta’lim olayotgan tumandagi 13 va 22-sonli umumta’lim maktablari faoliyatini alohida nazorat qilish, u yerdagi darsliklar ta’minotida yuzaga kelgan muammoni zudlik bilan to‘liq bartaraf etish vazifalarini yukladi.
Shuningdek, I.Djurayev tomonidan Sayxunobod tumanidagi 39-sonli umumta’lim maktabi holati o‘rganilganida, bolalar mashg‘ulotlarni o‘tayotgan sport zali isitilmayotgani va sinf xonalarida issiqlik belgilangan me’yordan pastligi aniqlanib, maktab rahbarlarining mas’uliyatsizligi qayd etildi va ular jiddiy ogohlantirildi. Ushbu ta’lim muassasasi xalq ta’limi boshqarmasining doimiy nazoratiga olinib, kundalik monitoring o‘tkazib borilishi joriy etildi.
***
O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi tomonidan Guliston shahrida tashkil etilgan sportning kikboksing turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi “O‘zbekiston kubogi” musobaqalarida Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Navoiy, Farg‘ona, Toshkent hamda Sirdaryo viloyatlaridan jami 420 nafar yosh sportchilar 4 kun davomida g‘oliblik uchun ringga chiqdi.

– Kikboksingning “kik-layt” va “lou-kik” yo‘nalishi bo‘yicha barcha musobaqaga tashrif buyurgan yigit va qizlar bellashuvlarga puxta hozirlik bilan kelganliklarini bahslar davomidagi o‘zlarning yorqin chiqishlari va kurashchanligi bilan ham namoyish etdi, – deydi O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi raisi, sport ustasi Abdulla Ko‘chmurodov. – Ushbu “O‘zbekiston kubogi” musobaqasi shunisi bilan muhimki, biz bahslarida o‘z jamoalari sha’nini munosib himoya qilib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh kikboschilar orasidan mamlakat terma jamoasiga nomzodlarni saralab olamiz. Shu sabab turnir juda murosasiz va keskin kurashlarga boy bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra Sirdaryo viloyatidan ham 2 nafar – Azizbek Hakimov hamda Nigina Qarshiboyevalar o‘z vazn toifalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
***
Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular orasida sog‘lom raqobatni shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi tomonidan Milliy gvardiya, harbiy qismlar, ichki ishlar hamda harbiylashtirilgan muassasalarda xizmat burchini o‘tayotgan ayol xodimalar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Ittifoq kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Keskin va go‘zal bahslar ostida o‘tgan bellashuvda viloyat ichiki ishlar boshqarmasi ayollar terma jamoasi barcha raqibalarini mag‘lub etib, “Ittifoq” kubogi sohibasi bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Guliston shahar hokimligi tashabbusi bilan 100 nafar kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun Toshkent shahriga “Yangi yil sayohati” tashkil etildi.
Sayohat davomida sirdaryolik jajji sayohatchilar Amir Temur muzeyi, “Planetariy koinotlari” majmuasi bo‘lib, Yangi yil sharafiga bezatilgan “Prezident archasi”ni tomosha qildi.
Archa atrofida bolajonlar Qorbobo, Qorqiz va boshqa ertak qahramonlari bilan raqs tushib, o‘zlari yod olgan she’r va qo‘shiqlarni ijro etdi.
Sayohat so‘ngida, har bir yosh sayyohga Yangi yil bayrami sovg‘alari topshirildi.
***
Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahalla fuqarolar yig‘ini hududida shifokor va o‘qituvchilar uchun kotedj tipida 22 ta yangi uy-joylarning qurilish ishlarida 85 nafar quruvchi-mutaxassislar bunyodkorlik ishlarida havo haroratining sovuqligiga qaramay, sidqidildan faol ishtirok etmoqda.
Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i, adliya kichik maslahatchisi A.Mirzakarimov Yangi yil bayrami arafasida ana shu quruvchi-ustalar holidan xabar olib, ular uchun “Hashar oshi”, ya’ni milliy taomimiz bo‘lgan palov damlatib, bayram dasturxoni bilan siyladi.
***
Yangi yil bayrami arafasida Guliston tuman hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligida hududdagi 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida “Mening oilam – mening boyligim” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlov “Eng baxtli kunlarimdan fotosuratlar”, “Oilam – mening kichik Vatanim”, “Men – mustaqil yurt farzandiman” shartlari asosida bo‘lib o‘tdi.
Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra 1-o‘rinni Rahmonovlar oilasi qo‘lga kiritdi. 2 va 3-o‘rinlarni mos ravishda Hojimurodovlar hamda Almatovlar oilasi egalladi.
Ko‘rik-tanlovning g‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar bo‘yicha sohiblari tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA