Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati: Kun xabarlari qisqa satrlarda
17:39 / 2020-01-27

Sardoba tumanidagi “Friendʼs in Sardoba” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Tadbirkorlik – davr talabi” mavzudagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.


Sardoba tumanidagi “Friendʼs in Sardoba” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Tadbirkorlik – davr talabi” mavzudagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat kengashining Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan partiya tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Paxtaobod shaharchasida istiqomat qiluvchi bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

“Friendʼs in Sardoba” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mavjuda Abdug‘anieva 200 million so‘mlik bank kredit mablag‘i evaziga zamonaviy uskunalar olib kelib, qishlog‘ida qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish sexini tashkil etdi. Ayni paytda, bu yerda 10 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda.

Seximizda 12 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, har kuni 150 donadan ziyod qolipli non ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilgan. Jamiyat qoshida yana 2 ta savdo do‘koni ham ishlab turibdi.

Seminar ishtirokchilari qandolatchilik sexida bo‘lib, u yerda ishlatilayotgan asbob-uskuna va jihozlarni qanday ishlatish yo‘llari, tadbirkorlikni boshlash, kredit olish tartib-taomillari bilan yaqindan tanishtirildi.

* * * 

Sirdaryo tumanidagi respublika o‘g‘il bolalar maxsus maktab-internatida “Yoshlar bilan bir kun” loyihasi doirasida sport musobaqalari va ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar Sirdaryo tumani hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat hamda tuman kengashlarining tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda maktab-internat tarbiyalanuvchilari, Sirdaryo tibbiyot kolleji o‘quvchilari hamda hududdagi harbiy qism askarlari ishtirok etdi.

Dastlab ishtirokchilar sportning futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘z aro bellashdilar.

Shuningdek, maxsus maktab-internat tarbiyalanuvchilari, harbiy qism askarlari va tibbiyot xodimlari o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.

Bellashuvlar va tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

* * * 

Sirdaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Jo‘rabek G‘oyibov Guliston tumani yoshlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tuman hokimligi, yoshlar ittifoqi a’zolari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi mas’ullari, tijorat bank xodimlari va boshqa mutasaddi tashkilot rahbar ishtirok etdi.

O‘zaro samimiy, ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda 4-sektor rahbari yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan kiritilgan o‘zgarishlar, hunarmandchilik faoliyati bo‘yicha yengillik va afzalliklar haqida ham batafsil ma’lumotlar berdi. 

Har bir murojaat, bildirilgan fikr, olg‘a surilgan tashabbuslarning asosiy qismi shu joyning o‘zida hal etilib, o‘rganib chiqish vaqtni talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.