Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati hokimi Urumchidagi anjumanda so‘zga chiqdi
16:28 / 2024-01-22

Shu kunlarda Xitoyda bo‘lib turgan Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev rahbarligidagi delegatsiya a’zolari videokuzatuv uskunalari ishlab chiqarish va ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishda yetakchi bo‘lgan “Zhejiang Dahua Technology” kompaniyasining bosh ofisiga tashrif buyurdi.

Mazkur kompaniya 1993 yili tashkil etilgan va 2001 yilga kelib korporatsiyaga aylangan. Bugungi kunda 54 ta filial, 35 ta shu’ba korxona va 20 ta ishlab chiqarish liniyalari mavjud. Ularda 21 mingdan ziyod ishchi mehnat qiladi. Kompaniya mahsulotlari 180 ta mamlakatga yetib borgan. Faoliyati davomida 1 700 dan ziyod mahsulotga patent olgan. 

Kompaniya rahbari o‘rinbosari Bob Chen hamda boshqa rasmiylar o‘zbekistonlik mehmonlarni iliq kutib oldi. Dastlab 7 000 m² maydonni egallagan “Digital Intelligence” ko‘rgazmalar zaliga ekskursiya tashkil qilindi. Bu yerda eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalar, kompleks dasturiy mahsulotlar, turli o‘lchamdagi maxsus LD monitorlar, Wi-Fi qurilmalari, interaktiv ko‘p funksionalli zamonaviy kuzatuv kameralari, jamoat transporti, logistika, tibbiyot, ta’lim va boshqa ko‘plab sohalarni raqamlashtirishga doir aqlli yechimlar mavjud. 

Samimiy ruhda o‘tgan muzokara davomida viloyat hokimi bugungi globallashuv jarayonida kompaniyaning ilmga asoslangan xavfsiz jamiyat, sifatli hayot qurishga bo‘lgan intilishini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, viloyatni innovatsion hududga aylantirish borasida boshlangan ishlarga hamohang tarzda hayotiy muhim yo‘nalishlar – yo‘l harakati xavfsizligi, ta’lim va tibbiyot sohalarini raqamlashtirishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi. 

O‘z navbatida xitoy tomoni ham manfaatli aloqalarni rivojlantirishga va hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Yakunda hamkorlikning har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va birgalikda amalga oshiriladigan loyihalarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi. 

Bugun Xitoy xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Urumchi shahrida O‘zbekiston – Xitoy mintaqalararo forumi ish boshladi. Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi Sirdaryo viloyati delegatsiyasi ham mazkur forumda qatnashmoqda. Viloyat hokimi forum doirasida tashkil etilgan “Ishbilarmonlar hamkorligini kengaytirish va umumiy farovonlikni amalga oshirish” konferensiyasida so‘zga chiqdi. 

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri