French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati hokimi nuroniylar, mehnat faxriylari, yoshlar bilan uchrashdi
13:00 / 2021-08-03

Xalqni rozi qilish yurtimizdagi har bir rahbar, mutasaddining birinchi galdagi vazifasiga aylanib ulgurdi. Prezidentimiz rahnamoligida fuqarolarning murojaatlarini tinglash, mavjud muammolarini tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv, qabul va muloqotlar bu vazifani ado etishda o‘z samarasini bermoqda.

Muhim jihati, tadbirlar davomida tashabbuskor fuqarolar yurt ravnaqiga daxldor ko‘plab taklif va istaklarini bildirmoqda. Viloyat hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayevning xalq bilan muloqotlari chog‘ida nuroniylar tomonidan o‘ziga xos taklif bildirilgan edi. Ya’ni, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviyati, bilim va ko‘nikmalari, umuman, dunyoqarashini yanada boyitish maqsadida “Uch avlod”, “Nuroniylar maslahati” kabi uchrashuvlarni muntazam tashkillashtirish nazarda tutilgan edi.

Bildirilgan taklifdan kelib chiqib, viloyat hokimligining qabullar uyida nuroniylar, mehnat faxriylari, mahalla faollari bilan yoshlar uchrashuvi tashkillashtirildi. Tadbirda nuroniy va faxriylar Mirzacho‘lni o‘zlashtirish davridan boshlab mustaqillikka erishilgan ilk yillar haqida va viloyatning bugungi kundagi yutuqlari, erishgan muvaffaqiyatlari to‘g‘risida ma’lumot berib, o‘z fikr-mulohazalari, hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Bu muhim taklif ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi, – dedi viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev. – Sababi, yoshlar tarbiyasida azaldan qon-tomirlarimizga singib ketgan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, siz yoshi ulug‘larning pand-nasihatlari, fikrlari, o‘gitlari va maslahatlari bilan ish yuritishning ahamiyati yuqoridir.

Shuningdek, uchrashuvda vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi va muhim jarayon – Prezident saylovining o‘tkazilishi yuzasidan ham ma’lumot berildi.

– Xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, – deydi sardobalik mehnat faxriysi Otabek hoji Egamberdiyev. –bugungi qulayliklar bilan o‘tmishdagi sharoitlarni taqqoslash, erishilayotgan yutuqlarimiz ortida turgan fidokorona mehnatlar haqida gapirib, yoshlar ma’naviyatini oshirish, barkamol avlod bo‘lib yetishishlarida bizlar ham o‘z hissamizni qo‘shishimiz shart. Quvonarlisi, viloyat hokimining “Bunday uchrashuvlarni har bir mahallada muntazam o‘tkazilishiga o‘zim bosh-qosh bo‘laman”, degani bizning kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, dildan suhbatlashdi. Bunda yoshlar nuroniy otaxon va onaxonlardan o‘zlarini qiziqtirgan ba’zi hayotiy masalalarda kerakli maslahatlar oldi.  

Darhaqiqat, bunday uchrashuvlar, do‘stona muloqotlar, otalarcha beriladigan pand-o‘gitlar kelajagimiz davomchilarining yanada bilimli va keng fikrlovchi, eng asosiysi, el-yurt koriga yaraydigan, Vatanga sadoqatli o‘g‘il-qizlar bo‘lib voyaga yetishishida muhim rol o‘ynaydi.

Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA