Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo viloyati hokimi “Muruvvat uyi”dagilar holidan xabar oldi
11:26 / 2020-12-23

Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev – viloyat prokurori, sektor va nuroniylar jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbarlari hamrohligida Yangiyer shahridagi nogiron ayollar “Muruvvat uyi”ga tashrif buyurdi.

“Muruvvat uyi” hovlisida jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi. Ushbu shifo maskanidagi vasiylikga olingan nogiron ayollarga Yangi yil bayrami arafasida ehsonlar ulashilib, salomatlik maskani shifokorlariga yangi yil sovg‘alari topshirildi.  

Ushbu “Muruvvat uyi”da ayni paytda 150 nafar xotin-qiz vasiylikga olingan bo‘lib, ularning barchasi  aqliy va ruhiy hasta bo‘lgan ayollardir. Bu maskandagilar boshqalardan nafaqat salomatlik jihatidan, balki mehr-muruvvatga tashnaliklari bilan ham ajralib turadi. Ularning ba’zilari birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan jismonan o‘zgalar ko‘magiga muhtoj. Bu ko‘makni ularga qalblari xalatlaridek pok fidoiy shifokorlar tunu-kun ko‘rsatib kelayotgani tahsinga loyiq.

– Jannat eshiklarining kalitlari bu maskanda tunu-kun tinim bilmay mehnat qilayotgan opa-singillarimizning qo‘llaridadir, – deydi viloyat hokimi G‘.Mirzayev. – Chunki ular tabir joiz bo‘lsa, o‘zlaridanda kechib, mehr-muruvvatga muhtoj insonlarning yarim ko‘nglini o‘ksitmay, o‘z farzandlari, o‘z opa-singillari va hatto o‘z onalari kabi his etib, ularga mehr ko‘rsatmoqda. Ular har birimizning, xalqimizning hurmatu e’zoziga loyiq.

“Muruvvat uyi”dagi ayollar madaniy dam olishlari uchun kutubxona, musiqa, badiy gimnastika, ma’naviyat va ma’rifat xonalari mujassam qilingan. Oshxona, dam olish xonalari va har bir palata toza, ozoda va orasta.  

Bu yerda taqdir taqazosi bilan davolanayotgan bemorlarning aksariyati oliy ma’lumotli, ko‘p yillar turli korxonalarda faoliyat yuritgan. Keyinchalik salomatliklarida ruhiy yoki aqliy nuqsonlar yuzaga kelganligi sabab muruvvatga muhtoj bo‘lib qolgan.  

Mazkur maskanda vasiylikga olingan nogiron ayollarga yangi yil bayramiga to‘kin dasturxon yozilib, respublika va mahalliy san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.  

 

  A.QAYUMOV,  F.TOSHMATOV (surat), O‘zA